Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vitaminga boy oziq-ovqatlar
11:20 / 2015-11-12

Bugungi globallashuv davrida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish bilan birga, uning xavfsizligini ta’minlash ham tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Bugungi globallashuv davrida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish bilan birga, uning xavfsizligini ta’minlash ham tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Prezidentimiz rahnamoligida oziq-ovqat ishlab chiqarish sanoati izchil rivojlanmoqda. Mustaqillik yillarida ushbu tarmoq korxonalari o‘n barobar ko‘paydi. Agrosanoatni modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi oshmoqda. Aholining ovqatlanish sifati tubdan yaxshilanib, oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish tuzilmasi o‘zgardi. Xususan, aholi jon boshiga go‘sht va go‘sht mahsulotlarini iste’mol qilish 1,3 barobar, sut va sut mahsulotlari 1,6, tuxum 2,2, sabzavot 2,6, kartoshka iste’mol qilish 1,7, mevalar qariyb 4 barobar o‘sdi.

Mutaxassislarning fikricha, ovqat bilan birga aminokislotalar, vitaminlar, mineral moddalar, mikroelementlar va boshqa moddalarni ham iste’mol qilish inson hayoti uchun muhim ahamiyatga ega. Ana shu foydali moddalar, vitamin va mikroelementlar faqat meva-sabzavot, uzum tarkibida bo‘ladi va ularning o‘rnini boshqa hech qanday mahsulot bosa olmaydi.

Shu va boshqa jihatlar inobatga olinib, aholini yil davomida meva-sabzavotlar bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida issiqxonalar tashkil etish, bog‘lar, tokzorlar maydonini kengaytirish, yetishtirilgan hosilni qish-bahor fasligacha sifatli saqlash imkonini beradigan omborxonalar barpo etishga alohida ahamiyat qaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 25-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi aholisining sog‘lom ovqatlanishi sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi va shu yil 29-avgustdagi “2015-2020-yillar davrida O‘zbekiston Respublikasi aholisining sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash Konsepsiyasini va chora-tadbirlar kompleksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorlari bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

Mazkur hujjatlar ijrosi doirasida Toshkent viloyatida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Meva-sabzavot, go‘sht va sut mahsulotlarini qayta ishlovchi mavjud korxonalar rekonstruksiya va modernizatsiya qilinib, yangilari ishga tushirilayotir. Zangiota tumanidagi “Izzat” fermer xo‘jaligi faoliyatidan qiyos.

Qariyb 17-yildan buyon faoliyat yuritayotgan mazkur xo‘jalikning umumiy daromadi so‘nggi bir yilda 860 million so‘mga yetdi. Xo‘jalik bunday natijaga tarmoqni kengaytirish orqali erishdi. Xorijdan kuniga bir tonna sutni qayta ishlash quvvatiga ega zamonaviy texnologiya keltirilib, sutdan qatiq, qaymoq, kefir singari o‘nlab turdagi sut mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Ayni paytda bu yerda tayyorlanayotgan sut mahsulotlari shartnoma asosida Toshkent shahri va viloyatidagi savdo majmualariga yetkazib berilmoqda.

– Kelgusida mahsulot ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish, xo‘jaligimiz tarmog‘ini yana bittaga ko‘paytirish, yangi ish o‘rinlari yaratishni rejalashtirganmiz, – deydi “Izzat” fermer xo‘jaligi rahbari Qo‘chqor Tursunov. – Ayni paytda asosiy e’tiborimizni sutni qayta ishlash sexini kengaytirishga qaratyapmiz. Buning sababi bor, albatta. To‘g‘ri ovqatlanish organizmning sog‘lom yashash qobiliyatini ta’minlaydi. Uning normal holatda va sog‘lom bo‘lishi ko‘p jihatdan iste’mol qilinayotgan mahsulotning tabiiy xususiyati, quvvatiga bog‘liq. Masalan, turli vitamin, uglevod va oqsillarga boy qatiqni olaylik. Uning inson salomatligini mustahkamlashdagi o‘rni, shifobaxsh xususiyatlari juda ko‘p. Tarkibida pasterizatsiyalangan sigir suti, achitqi bo‘lgan bu mahsulot energetik quvvati va ozuqaviy qiymati yuqoriligi bilan ajralib turadi.

Chindan ham, to‘laqonli ovqatlanish ko‘p jihatdan uning tarkibiga, iste’mol qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlarining insonning normal rivojlanishi va faoliyat yuritishi, uning organizmida to‘g‘ri modda almashinuvi, salomatlikni mustahkamlash, kasalliklarning oldini olish, keksayish jarayonini sekinlashtirish va umrni uzaytirish uchun zarur bo‘ladigan to‘yimli va sifatli moddalar bilan kerakli darajada ta’minlanishiga bog‘liq.

– Buning uchun savdo majmualari, bozorlarda sotilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati hamda ularni saqlashga qo‘yiladigan talablar o‘z vaqtida bajarilgan bo‘lishi lozim, – deydi Toshkent viloyati sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi mas’ul xodimi Abdurahmon Ismoilov. – Shu maqsadda viloyat shahar va tumanlarida joylashgan dehqon bozorlari va yirik savdo majmualarida sotilayotgan mahsulotlar tegishli tartibda tekshiruvdan o‘tkazildi. Aniqlangan kamchiliklar o‘z vaqtida bartaraf etildi. Viloyatdagi boyitilgan birinchi navli un ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 23 korxona va sexlarda monitoring o‘tkazildi. Laboratoriya tahlili uchun olingan namunalarning sanitariya-epidemiologiya nazorati talablariga to‘liq javob berishi aniqlandi. Joriy yilning o‘tgan davrida osh tuzi tarkibida yod miqdorini me’yor talabida ekanini aniqlash maqsadida laboratoriya tahlili uchun keltirilgan 707 namunadan 181 namuna gigiyenik talabga zid ekani ma’lum bo‘ldi. Ular o‘rnatilgan tartibda iste’moldan olindi hamda ishlab chiqaruvchi korxona va tashkilotlarga qayta ishlash uchun yuborildi.

Aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, ularning tibbiy madaniyatini oshirish, ovqatdan zaharlanish, o‘tkir oshqozon-ichak kasalliklarining oldini olish maqsadida sanitariya-epidemiologiya markazining malakali mutaxassislari ishtirokida tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borilayotir. Turli tadbirlar, uchrashuv va davra suhbatlari muntazam o‘tkazilmoqda.

Muxtasar aytganda, oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish, xalqimiz dasturxonini yurtimizda yetishtirilgan sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirish, oilalarda sog‘lom ovqatlanish tamoyillarini targ‘ib etishga qaratilayotgan doimiy e’tibor aholi salomatligini asrash va turmush farovonligini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.