Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Virusli infeksiyalarga qarshi kurashishning qulay yo‘li uning oldini olishdir
16:37 / 2024-08-09

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 2022 yilda 1,3 million kishi gepatit V va S kasalliklari oqibatida hayotdan ko‘z yumgan. Bugungi kunda 304 millionga yaqin odam surunkali virusli gepatit infeksiyasi bilan yashaydi.

Har kuni 3 ming 500 nafar kishi gepatit V va S infeksiyasidan vafot etmoqda. Bu har 30 soniyada gepatitdan bitta o‘lim demakdir. Har kuni 6 ming nafardan ortiq odam virusli gepatitni yuqtiradi.

Ko‘rinadiki, virusli infeksiyalarga qarshi kurashish va uning oldini olish dolzarb ahamiyatga ega. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi viloyat boshqarmasi tashabbusi bilan OAV vakillari uchun tashkil etilgan press-tur va matbuot anjumanida bu borada viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar xususida ta’kidlab o‘tildi.  

Press-tur davomida boshqarmada joylashgan virusli infeksiyalarni aniqlovchi virusologiya laboratoriyasi faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Shundan so‘ng viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasidagi huddi shu yo‘nalishdagi laboratoriyalar faoliyati o‘rganildi. U yerdagi zamonaviy, tezkor tahlil qiluvchi tibbiy uskunalarning ishlash jarayoni bilan tanishildi.  

Shundan so‘ng boshqarma boshlig‘i To‘lqin Rasulov ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi va unda mazkur yo‘nalishda viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar xususida batafsil ma’lumot berildi.  

Ta’kidlanishicha, virusli kasalliklar orasida eng ommalashganlaridan biri gepatit kasalliklari hisoblanadi. Shuni qayd etish joizki, olib borilgan tizimli chora-tadbirlar natijasida viloyatda virusli gepatit kasalliklarining kamayishiga erishilmoqda.  

Misol uchun, 2023 yilning 7 oyida viloyatda virusli gepatit V kasalligi 16 ta qayd etilgan bo‘lsa, joriy yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 5 taga kamayib, 11 tani tashkil etgan.

Bundan tashqari, joriy yilning o‘tgan 7 oyi davomida viloyatda 580 ta gepatit tashuvchilari bilan kasallanish holati qayd etilgan. Bu 2023 yilning mos davriga nisbatan 71 taga kam.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, virusli gepatit V va S kasalliklarining asosiy yuqish manbai davolash profilaktika muassasalarida jarrohlik va tibbiy muolajalar davomida kasallikni yuqtirish holatlari hisoblanadi.

Shu kunga qadar jami 77 ming 883 nafar 18 yoshdan yuqori bo‘lgan fuqaro virusli gepatitning V va S turlariga skrining tekshiruvidan o‘tkazilgan va RedCap tizimiga kiritilgan. Shundan 2 ming 700 nafar fuqaroda virusli gepatitning V turi, 2 ming 926 nafarida esa S turi aniqlangan.

[gallery-18655]

2023 yilda skrining tekshiruvida musbat natija aniqlangan fuqarolarning 950 nafari viloyat SEO va JSBning Virusologiya laboratoriyasiga PSR usulda tekshirish uchun yuborilgan bo‘lsa, 2024 yilning hozirgi kuniga qadar 869  nafari yuborilgan. Shundan 2023 yilda 543 nafar hamda 2024 yilning hozirgi kuniga qadar 189 nafar fuqaroda musbat natija aniqlangan.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),

O‘zA muxbirlari