Joriy yil 3-8 noyabr kunlari onlayn tarzda tashkil etilgan «InnoWeek.uz -2020» ixtiro va loyihalarga boy bo‘ldi. Vazirlik Show roomda tashkillashtirilgan oflayn ko‘rgazmada yurtimizda faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilot vakillari o‘z innovatsion loyihalari bilan mehmonlarni lol qoldirishdi.
Mana shunday ixtirolardan biri «Biogenetik» ilmiy ishlab chiqarish korxonasi tomonidan koronavirusni, xususan SARS-CoV-2 virusini yo‘q qiluvchi qurilma.
Ushbu qurilma to‘g‘risida ma’lumot olish maqsadida ixtiro egasiga yuzlandik.
«Biogenetik» ilmiy ishlab chiqarish korxonasi direktori Olimjon Yusupovning aytishicha, qurilma virusni o‘ldirish xususiyatiga ega bo‘lib, bir necha sinovli bosqichlardan muvaffaqiyatli o‘tgan.
«Qurilma 3 xil hajmga ega bo‘lib maydon kengligiga qarab tanlanadi. Qurilma o‘zidan to‘yintirilgan elektronlar chiqaradi. Dastlabki sinovlar o‘tkazilganda, havodagi mavjud zararli mikroblarni yo‘q qildi. Uni yangi modeli ustida ishlab, yanada takomillashtirilgach, koronavirusga ham sinov tariqasida o‘tkazib ko‘rildi. Kutganlarimiz ijobiy natija berdi. Qurilma havodagi, sirtdagi barcha mavjud virus va koronavirusni butkul o‘ldiradi. Birinchi ko‘zlangan maqsad virusni zararsizlantirib, yerga tushirib keyin yuvib tashlash edi. Ammo mukammallashtirilgan qurilma undan-da yaxshi natija berdi, ya’ni virusni havoda turgan holatda o‘ldirdi.
Qurilmada hech qanday dori vositasi yoki vaksina mavjud emas. Texnologiyadagi mavjud suyuqlik viruslarni o‘ldirish xususiyatiga ega. Inson organizmi uchun zararsiz. Biror mebel, matoli narsalar bo‘ladimi, sirtda mavjud barcha virusni daf qiladi. Uskuna 12 voltli tokda yoki batareyalar yordamida ham ishlaydi.
Qurilma bir necha sinovlardan samarali o‘tdi. Hattoki klinik sinovlari ham nihoyasiga yetdi. Natija ijobiy. Qurilmaning avtomobillar uchun foydalaniladigan hajmini ham ishlab chiqdik. Tez tibbiy yordam uchun foydalanilayotgan «Damas» va «Honda»da sinaldi. Yaxshi natija berdi. Qurilma uchun zarur bo‘lgan 12 volt, mashina uchun muammo emas», dedi Yusupov.
Ixtirochining so‘zlariga ko‘ra, buning narxi arzon bo‘ladi, chunki uskuna o‘zimizda ishlab chiqariladi va uning tarkibiy qismlari ham o‘zimizniki.
Ma’lum qilinishicha, qurilmani ishlab chiqarish ishlari boshlab yuborilgan.
Aziza Aslanova,
Innovatsion ishlanmalarni
joriy etish ilmiy-amaliy markazi