Dolzarb mavzu
Axborot texnologiyalari shiddat bilan rivojlanayotgan hozirgi paytda virtual olam qulayliklari oshib bormoqda. U vaqt va masofa tanlamasligi, uydan, ishxonadan chiqmasdan turib ham yaxshi daromad topish imkoniyatini yaratgani bilan ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Biroq, taraqqiyotning bu bosqichida virtual olamdan g‘araz maqsadlarda foydalanib, sodda insonlarni “chuv” tushirishni kasb qilib olayotgan firibgarlar paydo bo‘lgani tashvishlidir. Ayrim sodda, ishonuvchan yurtdoshlarimiz ana shunday qabih niyatli shaxslar “to‘ri”ga ilinib, peshona teri evaziga yillab yiqqan halol mablag‘ini beixtiyor virtual tarmoq orqali firibgarlar qo‘liga berib yubormoqda.
Boshqarmamizga bir ayol murojaat etib, uning nomiga xorijdan pochta orqali 30 ming dollar kelayotgani, u mazkur mablag‘ni olish uchun chet ellik “saxiy” insonga 650 dollar o‘tkazib bergan bo‘lsada, Rossiya bojxonasida hanuzgacha ushlanib turgani va ushbu mablag‘ni yuborayotgan shaxs bilan telefon orqali bog‘lana olmayotganidan nolib qoldi.
Suhbat chog‘ida ayol firibgarlar “qarmog‘i”ga ilingani ma’lum bo‘ldi. Keyingi paytda shu mazmunda murojaat etayotgan yurtdoshlarimizga raqamli iqtisodiyot hayotimizning chambarchas bir bo‘lagiga aylangani, bu jarayonda g‘arazli maqsadlarda foydalanishni kasb qilgan firibgarlar sodda insonlarni turli yo‘llar bilan “chuv” tushirayotgani tushuntirilayotgan bo‘lsada, afsuski hamon virtual olam firibgarlarining yangi-yangi nayranglariga uchayotgan yurtdoshlarimiz uchrab turibdi.
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2011 yil 18 aprelda 2219-son bilan ro‘yxatdan o‘tgan Pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish qoidalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining pul belgilari va xorijiy valyutani (O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va uning muassasalari tomonidan yuboriladiganlaridan tashqari) Ichki va xalqaro pochta orqali, shuningdek kurerlik jo‘natmalari orqali jo‘natish taqiqlangan.
Yaqinda yana bir fuqaro boshqarmamizga kelib, xorijlik “saxovatpesha” kompaniya tanlovida uni saralab olgani va 20 ming dollar ajratayotganini aytib qoldi. Buning uchun chet el kompaniyasi vakili unga ijtimoiy tarmoq orqali mablag‘ni rasmiylashtirish uchun ming dollar to‘lash kerakligini yozganini ham ochiqladi.
– Oradan ko‘p o‘tmay nomimga 20 ming AQSH dollari rasmiylashtirilganini tasdiqlovchi qog‘ozni internet orqali yubordi, – deya suhbatni davom ettirdi fuqaro.
– Shundan so‘ng pul tayyor ekani, pochta orqali yuborilayotgani, faqat chet el bojxonasi rasmiylashtiruvi uchun korxona vakilining plastik karta raqamiga 1000 AQSH dollari o‘tkazib berishim lozimligini ma’lum qildi. Mening nomimga yuborilayotgan bu mablag‘ ertaga pochta orqali kelsa, uni qayerdan olsam bo‘ladi? Bu yerga bojxonada rasmiylashtirish tartibini bilish uchun ham keldim. Suhbat chog‘ida bildikki, bu fuqaro so‘ralgan ming dollarni hali xorijlik “qo‘li ochiq” shaxsga o‘tkazib bermagan ekan. Shu o‘rinda aytish lozimki, axborotlashgan olamdan bugun to‘g‘ri, maqsadli foydalanayotgan insonlar ilm-ma’rifat olayotgan, yangiliklar bilan tanishayotgan bo‘lsa, boshqa birovlar soddalik qilib, “o‘rgimchak to‘ri”ning qaltis tuzog‘iga tushib qolmoqda.
Agar bu fikrni biz misol keltirgan ikkita holat bilan tahlil etadigan bo‘lsak, do‘ppini qo‘lga olib o‘ylab ko‘ring: sizga xorijdan yetti yot begona kimsa hech qanaqa shart va mehnat talab qilmasdan 20 yoki 30 ming dollarni shundoqqina berib yuborishi mantiqqa to‘g‘ri keladimi? Yo‘q, albatta!
Demak, global tarmoqda begona shaxslar bilan muloqot qilishda hushyor bo‘lish, agar manfaat keltiruvchi biron taklif bo‘lib qolsa, uni puxta o‘rgangach, qonuniyligiga ishonch hosil qilgan holda tegishli qaror qabul qilish lozim.
Amaldagi qonunchiligimizda naqd xorijiy valyutani pochta orqali yuborish taqiqlanganini ham yoddan chiqarmaslik zarur.
Ma’rufjon Xoliyorov,
Surxondaryo viloyati
bojxona boshqarmasi bosh inspektori
O‘zA