Kibersport, bu – virtual makondagi musobaqa bo‘lib, insonlar yoki jamoalar o‘rtasida teng sharoitlarda kurashishni bildiradi. bugungi kunda kibersportning jahondagi auditoriyasi 2 yuz milliondan ortiq kishini tashkil etmoqda.
Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik muhandislik bilim yurtida «Yoshlar hayotida kiber sportning o‘rni» mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi xodimlari, Jahon tillari, Jismoniy tarbiya va sport universiteti, Chirchiq davlat pedagogika instituti va Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik muhandislik bilim yurtining professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Ishtirokchilar jamoalarga bo‘linib, debat chog‘ida dastlab jamoalar tomonidan kiber sport, uning paydo bo‘lishidan to hozirgi kunga qadar rivojlanish tarixi, jahon sport arenasida tutgan o‘rni va uning foydali hamda zararli tomonlari haqida keng mulohazali fikrlar tinglandi.
Tadbir yakunida Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik muhandislik bilim yurti boshlig‘ining O‘quv va ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari harbiy fanlar doktori, professor, polkovnik Sobir Abdurayimov bahslashuvda eng faol va eng kuchli jamoa deb e’tirof etilgan FVV akademiyasi jamoasiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Shuningdek, tashkilotchilar tomonidan tadbirda faol qatnashgan kursantlarga, shu jumladan, “The funding of e-sport” (Kiber sportni moliyalashtirish) mavzusida o‘z taqdimotlarini namoyish etgan FVV Akademiyasi 3-bosqich kursanti O.Baratov va 4-bosqich kursanti Sh.Olimovlarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA