Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Viloyatning o‘zida qayta ishlanmoqda
18:01 / 2015-10-02

Prezidentimizning 2015-yil 30-iyuldagi farmoyishiga muvofiq, shu yilning 15-16-oktabr kunlari Toshkentda XI O‘zbekiston xalqaro paxta yarmarkasi bo‘lib o‘tadi.

Prezidentimizning 2015-yil 30-iyuldagi farmoyishiga muvofiq, shu yilning 15-16-oktabr kunlari Toshkentda XI O‘zbekiston xalqaro paxta yarmarkasi bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston paxta tolasining jahon bozoriga jadal kirib borishida ushbu an’anaviy yarmarkaning ahamiyati katta bo‘lmoqda. “O‘zpaxtasanoat” uyushmasi tizimida ham ushbu nufuzli forumga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Paxta xomashyosini dastlabki ishlovga tayyorlash, saqlash, qayta ishlash samaradorligini oshirishda uyushma tizimidagi korxonalar muhim o‘rin tutadi. Surxondaryo viloyatida mazkur yarmarkaga tayyorgarlik jarayonida paxta tozalash zavodlarini zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlash, ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish darajasini oshirish, jahon paxta bozorida raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish choralari ko‘rilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2007-yil 14-martdagi “Ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlashni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim omil bo‘layotir.

Viloyat mirishkorlari joriy yilda 119 ming 600 gektar maydonda mo‘l hosil yetishtirdi. Ayni kunlarda paxta xomashyosini qisqa muddatlarda yig‘ib-terib olish va uni sifatli qayta ishlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Hukumat dasturi doirasida tubdan rekonstruksiya qilinib, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan “Angorpaxta” aksiyadorlik jamiyati mavsum boshidan buyon Termiz va Angor tumanlarida yetishtirilgan yigirma besh ming tonnaga yaqin paxta hosilini qabul qildi, to‘rt ming tonnadan ortiq xomashyoni qayta ishladi. Bu jarayonda tola sifati barqarorligini saqlash va korxonaning ishlab chiqarish unumdorligini oshirishga alohida ahamiyat berilmoqda.

– Ushbu yarmarka xorijlik buyurtmachilarni yurtimizda qayta ishlanayotgan xomashyo bilan yaqindan tanishtirish, jahonning yetakchi to‘qimachilik va yengil sanoat kompaniyalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatish hamda o‘zaro tajriba almashish uchun keng imkoniyat yaratishi bilan ahamiyatlidir, – deydi “Angorpaxta” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Rustam Rahmonov. – Yarmarkaga puxta hozirlik ko‘rib, yangi mavsum xomashyosini buyurtmachilar talabiga mos qayta ishlashni boshladik. Bunda korxonamizning tubdan rekonstruksiya qilingani, ishchilar uchun qulay sharoit yaratilib, xorijning zamonaviy uskunalari bilan jihozlangani muhim ahamiyat kasb etmoqda. Uch yil avval korxonamizning texnik va texnologik yangilangani ishlab chiqarish quvvatini oshirib, yiliga 40 ming tonnadan ortiq xomashyoni qayta ishlash imkonini yaratdi. Mahsulot unumdorligi oshdi, elektr energiyasi sarfi 25 foizga qisqardi. Natijada jahon bozori talablariga to‘liq javob beradigan tola ishlab chiqarilib, urug‘lik uchun sifatli tukli va tuksiz chigit tayyorlanmoqda.

Tabiiy iqlimi ertapishar, pishiq tolali paxta yetishtirishga mos va uni qayta ishlashda yetarli tajribaga ega viloyatning boshqa hududlarida ham paxta xomashyosini qayta ishlash amalga oshirilmoqda.