Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Viloyatda qurilish-ta’mirlash ishlari jadallik bilan olib borilmoqda
18:49 / 2025-07-30

Joriy yil Jizzax viloyatida ijtimoiy soha obektlarida amalga oshirilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlari yuzasidan viloyat hokimining o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Shuhrat Jo‘rayev hamda viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” IK DUK direktori Dostonbek Qoplonovlar bilan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda joriy yil boshidan viloyatda ijtimoiy soha va infratuzilma ob’ektlarini modernizatsiya qilish, qurish va ta’mirlash ishlari keng ko‘lamda olib borilayotgani, ushbu jarayon viloyatni har tomonlama rivojlantirish, aholining turmush sifati va qulay hayot muhitini ta’minlashga qaratilgani, joriy islohotlar va investitsiya dasturlari asosidagi loyihalar orqali qurilish ishlari jadallik bilan boshlab yuborilganligi, ular shaffoflik va aniq rejalar asosida amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

– Mazkur yo‘nalishda “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi davlat unitar korxonasi (IK DUK) tomonidan 1 trillion 61 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ evaziga 177 tadan ortiq ijtimoiy va iqtisodiy soha ob’ektlarida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda, – dedi ushbu korxona direktori Dostonbek Qoplonov. – Maktablar, bog‘chalar, oliy ta’lim muassasalari, shifokor punktlari, poliklinikalar va tez yordam markazlari qurilayotgani bilim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi infratuzilmani tubdan yangilashga xizmat qilmoqda. 

Bolalar va yoshlar uchun zamonaviy ta’lim muhiti yaratilmoqda, tibbiy xizmat esa aholiga yanada yaqin va sifatli bo‘lib borayapti.

[gallery-24548]

Shuningdek, sport infratuzilmasini rivojlantirish orqali yosh avlodni sog‘lom hayot tarziga jalb etish ko‘zda tutilgan bo‘lib, sport zallari, ochiq maydonlar va suzish havzalari barpo etilayotganini ham ta’kidlab o‘tish joiz. Shu bilan birga, madaniyat va san’at muassasalarida olib borilayotgan rekonstruksiya ishlari aholiga sifatli xizmat ko‘rsatishni maqsad qilgani esa tahsinga loyiq. Uy-joy fondini ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari esa xavfsiz va barqaror yashash sharoitini shakllantirishga xizmat qilayotir.

– Viloyatimizda amalga oshirilayotgan ishlar Prezident qarorlari, davlat investitsiya dasturi va mahalliy qarorlar asosida tizimlashtirilgan, – dedi Shuhrat Jo‘rayev – Davlatimiz rahbarining 2024 yil 31 dekabrdagi “Mamlakatning ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy rivojlanish sohalaridagi strategik tahlil va tadqiqot qilish faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida jami 91 milliard 700 million so‘mlik shartnomalar imzolangan 17 ta loyiha ishga tushirildi. 

Bundan tashqari, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida 59 milliard 700 million so‘mlik 58 ta ob’ekt qamrab olingan. 2025 yilgi davlat investitsiya dasturiga muvofiq 17 ta ob’ekt uchun 271 milliard 500 million so‘m ajratilgan.

“Ochiq byudjet” dasturi doirasida 27 ta ob’ektda 24 milliard 700 million so‘mlik qurilish ishlari olib borilmoqda. Mahalliy byudjet va boshqa manbalar hisobiga 28 ta ob’ekt uchun 455 milliard 900 million so‘m yo‘naltirilgan.

2024 yilda boshlanib, joriy yilda davom ettirlayotgan 25 ta ob’ektda 58 milliard 500 million so‘m miqdoridagi ishlar amalga oshiriladi. Xalq deputatlari viloyat Kengashi qarorlari asosida 26 milliard so‘mlik “driver” loyihalar, shuningdek, qo‘shimcha moliyalashtirish bilan 73 milliard 600 million so‘mlik 14 ta yangi ob’ektda ham ishlar boshlab yuborilgan.

Bularning barchasi Jizzax viloyatini zamonaviy, barqaror va insonparvar hudud sifatida rivojlantirishga qaratilgan, joylardagi amaliy natijalar esa buning isbotidir.

Tadbir so‘ngida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar oldi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari