Keyingi yillarda mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish, aholi salomatligi muhofazasi hamda tibbiy xizmat sifatini yuksaltirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan tibbiyot sohasiga qaratilgan alohida e’tibor natijasida tizim xodimlarining ish haqlari bosqichma-bosqich oshirildi. Shuningdek, sohada korrupsiya holatlarining oldini olish, tibbiyot muassasalarini ta’mirlash va rekonstruksiya qilish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.


Mazkur yo‘nalishda Andijon viloyatida ham e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.
– Joriy yilda viloyatdagi tibbiyot muassasalarida investitsiya dasturi va mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 130 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi, – deydi Andijon viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Shoxruhmirzo Mamajonov. – Natijada tibbiyot xodimlarining samarali faoliyat yuritishlari, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari yanada kengaydi.

Jumladan, yakunlangan yilda Baliqchi tumani tibbiyot birlashmasi markaziy shifoxonasining qabulxona bo‘limi, Buloqboshi tumani tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar hamda favqulodda tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘limlari, Andijon shahar tibbiyot birlashmasi 6-sonli oilaviy poliklinikasi, Andijon, Marhamat tumanlari tibbiyot birlashmalari yuqumli kasalliklar bo‘limlari binolarida qurilish-ta’mirlash ishlari bajarilib, ular foydalanishga topshirildi.

Bundan tashqari, davolash-profilaktika muassasalaridagi 53 ta ta’mirtalab sanitariya-gigiyena shoxobchasi ta’mirlandi. Buning uchun mahalliy byudjetdan 17 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
Tibbiyot muassasalarini zamonaviy tibbiy apparat va uskunalar bilan ta’minlash borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida viloyatdagi tibbiyot muassasalariga jami 43,1 milliard so‘mlik 72 turdagi 1 ming 77 dona zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar yetkazib berildi. Jumladan, Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi Andijon filiali, Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Andijon filiali angiograf apparatlari bilan ta’minlandi. Shuningdek, Qo‘rg‘ontepa, Shahrixon va Asaka tumanlari shifoxonalariga MSKT apparatlari, tibbiyot birlashmalari jarrohlik bo‘limlariga esa laparoskopik uskunalar o‘rnatildi.

Yakunlangan yilda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamlar ko‘rsatish turi va ko‘lami ham birmuncha ortdi. Davolash-profilaktika muassasalarida 90 turdagi kaminvaziv, 24 turdagi yangi jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish, shuningdek, 129 turdagi yuqori texnologik operatsiyalarni amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi.
Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan hamkorlikda Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasida 30 nafar, Shahrixon va Qo‘rg‘ontepa tumanlarida 1 nafardan bemorlarda buyrak transplantatsiyasi, viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida jigar transplantatsiyasi operatsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Viloyat tibbiyot muassasalarida yangi turdagi murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilishi aholi uchun katta qulaylik yaratdi. Natijada endilikda andijonlik bemorlar bunday amaliyotlar uchun poytaxtga yoki xorijiy davlatlarga borish zaruratidan xalos bo‘lmoqda.
Kasalliklar profilaktikasi, maqsadli skrining tekshiruvlarni o‘tkazishga ham alohida e’tibor qaratildi. O‘tgan yili viloyatda 1 million 110 ming nafardan ziyod fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ulardan 121 ming 586 nafari dispanser nazoratga olindi. Shuningdek, 111 ming 268 nafari ambulator tarzda, 8 ming 376 nafari tuman va shahar markaziy shifoxonalarida, 1 ming 767 nafari viloyat, 175 nafari respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida davolandi.
Qandli diabet xastaligini aniqlash bo‘yicha 991 ming 171 nafar 40 yoshdan oshgan fuqaro skrining tekshiruvidan o‘tkazildi. Tekshiruvlar natijasida 4 ming 632 nafar fuqaroda qandli diabet xastaligi, 19 ming 77 nafar fuqaroda semizlik, ortiqcha vazn holati aniqlandi. Ushbu fuqarolarning barchasi ambulator va statsionar tarzda sog‘lomlashtirishga jalb etildi.
Shuningdek, 45-65 yoshdagi ayollardan 40 ming nafarga yaqini ko‘krak bezi saratoni bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkazildi. Ularning 26 nafarida kasallik erta bosqichda aniqlandi. Bundan tashqari, 35 ming nafardan ziyod ayol bachadon bo‘yni saratoni bo‘yicha tekshirildi. Ulardan 39 nafarida kasallik erta bosqichlarda aniqlandi. Ushbu bemorlar dispanser nazoratiga olinib, ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya markazlari hududiy filiallariga davolanish uchun yuborildi.
Viloyatda maktabgacha ta’lim hamda maktab ta’limi muassasalari tarbiyalanuvchi va o‘quvchilari, shuningdek, 2–10 yoshli bolalar reja asosida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Tekshiruvlar davomida turli kasalliklar aniqlangan bolalar davolanishga jalb etildi.
Tibbiy xizmat sifati va davolash-profilaktika ishlari samaradorligini oshirishda shifokorlarning bilim va malakasi muhim ahamiyatga ega. Shu ma’noda, viloyatda o‘tgan yili mutaxassislarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan ishlar tizimli ravishda olib borildi. Jumladan, 1 ming 500 nafardan ortiq mutaxassis respublika ixtisoslashgan tibbiyot markazlari va bir qator xorijiy davlatlarda bo‘lib, malaka va tajribasini oshirib qaytdi.
Tibbiyot sohasida viloyatda amalga oshirilayotgan yuqoridagi kabi ishlar, qolaversa, sohaga qaratilayotgan alohida e’tibor natijasida xalqimiz salomatligini saqlash, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va saviyasi yaxshilanib bormoqda.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari