Samarqand viloyat sudi raisi O.Hayitov va viloyat ma’muriy sudi raisi vazifasini bajaruvchi R.Ochilov Qo‘shrabot tuman Xalq qabulxonasida sayyor qabul o‘tkazdi. Shuningdek, fuqarolar bilan uchrashuv va davra suhbati tashkil etildi.
Qabul davomida 30 ortiq fuqaro o‘z muammolariga yechim istab murojaat qildi. Har bir murojaatga alohida e’tibor qaratilib, ijobiy hal etilishiga harakat qilindi. Ayrimlari bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berildi.
Shova qishlog‘ida yashovchi M.Pardayeva ayni paytda ozodlikni cheklash jazosini o‘tayotgani, qilmishidan pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tganligi, sodir qilgan jinoiy qilmishidan xulosa chiqarganligini bildirib, viloyat sudi raisidan jazoning qolgan qismidan ozod qilishni so‘radi.
Tepali qishloqilik S.Qo‘shniyozov va Boyto‘p qishlog‘ida yashovchi Sh.Xudoyberdiyevning ham murojaati shu mazmunda bo‘lib, axloq tuzatish ishlari jazosining qolgan qismidan ozod qilishni so‘radi.
Shu yerda jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shrabot tuman sudining sayyor sud majlisi tashkil etilib, mazkur murojaatlar qanoatlantirildi.
G‘.HASANOV, O‘zA