Andijon viloyatida sud organlari xodimlari o‘rtasida futbol bo‘yicha “Andijon viloyat sudlari kubogi” musobaqasi tashkil etildi. Tadbir jamoatchilik o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, ish joylarida jismoniy faollikni oshirish, jamoalar orasida hamjihatlik va birdamlikni mustahkamlashga qaratildi.
Musobaqa O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining “Sudya va sud apparati xodimlarining ma’naviyati va madaniyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi” ijrosi doirasida Andijon viloyati sudi, ma’muriy sud hamda tumanlararo va tuman (shahar) sudlari jamoalari ishtirokida o‘tdi.

Bellashuvlar ko‘tarinki ruhda, murosasiz raqobat va jipslashgan o‘yin uslubi bilan kechdi. Har bir uchrashuv ishtirokchilarga do‘stlik va o‘zaro hurmat muhitini ulashdi.
Musobaqa yakuniga ko‘ra, birinchi o‘rinni Andijon viloyati sudi jamoasi qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Baliqchi, Oltinko‘l, Izboskan va Paxtaobod tuman sudlari, shuningdek, fuqarolik ishlari bo‘yicha Izboskan tumanlararo sudi hamda Izboskan tumanlararo iqtisodiy sudi jamoasidan iborat tarkibga nasib etdi. Uchinchi o‘rin esa Xonobod, Qo‘rg‘ontepa va Jalaquduq tuman sudlari, fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘rg‘ontepa tumanlararo sudi hamda Qo‘rg‘ontepa tumanlararo iqtisodiy sudi jamoalaridan tashkil topgan tarkibga berildi.

Taqdirlash marosimida g‘olib va sovrindor jamoalarga Andijon viloyat sudi rahbariyati tomonidan kubok, diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Ushbu sport tadbiri sudyalar va sud apparati xodimlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, jismoniy tayyorgarlikni mustahkamlash hamda jamoaviylik muhitini kuchaytirishga xizmat qildi. Bunday tashabbuslar tizimda sog‘lom muhit va samarali mehnat faoliyatini ta’minlashda muhim omil bo‘lib qoladi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari