English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Viloyat sudida uch avlod uchrashuvi o‘tkazildi
13:13 / 2024-12-04

Namangan viloyati sudi tomonidan “Uch avlod uchrashuvi” ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarini o‘tkazish an’anaga aylandi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining o‘ttiz ikki yillik bayrami munosabati bilan tashkil etilgan navbatdagi tadbir ham kechagi, bugungi va ertangi avlod vakillarini birlashtirdi.

Sud faxriylari, shu sohada ishlab bugun boshqa idora va tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan huquqshunoslar, sudyalar va tizim xodimlari qatnashgan tadbir avvalida turli yillarda sud idoralarida ish olib borgan marhum sudyalar xotirlandi. Ular xotirasiga bag‘ishlangan videorolik namoyish etilib, o‘tganlar yodga olindi.  

Namangan viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov, O‘zbekiston Sudyalari assotsiatsiyasi raisi Ubaydulla Mingboyev, “Nuroniy” jamg‘armasi Namangan viloyati bo‘limi raisi, senator Ikromxon Najmiddinov so‘zga chiqib, barchani Bosh qomusimizning o‘ttiz ikki yilligi bilan qutlab, yurtimizda barcha sohalar qatori sud tizimida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani, sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash yo‘lida qator qonun, farmon va qarorlar qabul qilinayotganini ta’kidladi.  

Ustozlarni e’zozlab, ularga hurmat ko‘rsatish ezgu va xayrli ish. Shu ma’noda tadbirda O‘zbekiston Sudyalari assotsiatsiyasi raisi, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yurist” faxriy unvoni sohibi, sud faxriysi Ubaydulla Mingboyevga Namangan viloyati hokimligi hamda “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limining tashakkurnomasi taqdim qilindi.  

Albatta, e’tibor va e’zoz har bir xodimni faol va tashabbuskor bo‘lishga, o‘z ishiga yanada mas’uliyat bilan yondashishga undaydi. Shu nuqtai-nazardan uchrashuvda sudlarda ko‘p yillar faoliyat olib borgan faxriylar, bugungi kunda odil sudlovni amalga oshirishga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan sudyalar va tizim xodimlaridan bir guruhi viloyati hokimligi, viloyat prokuraturasi, ichki ishlar va adliya boshqarmalari hamda Kasaba uyushmalari federatsiyasi viloyat kengashining faxriy yorliq, qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.  

Shuningdek, viloyat sudlari tarixiga bag‘ishlab manbashunos-jurnalist Rahimjon Irisov tomonidan yozilgan “Moziyga bir nazar...” kitob-albomi taqdimoti o‘tkazildi.  

– Hayotning baland-pastini, achchiq-chuchugini ko‘rgan keksalarning har biri o‘zi bir dorilfunun. Ularning tajribasiga, yo‘l-yo‘rig‘iga suyangan odam hech qachon qoqilmaydi. Uch avlod uchrashuvda ham yoshlar ana shunday ko‘pni ko‘rgan insonlar bilan muloqotda bo‘lib, hayotiy tajribalaridan ibrat oldi, – deydi Namangan viloyati sudi raisi Alisher Usmonov.  

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA