Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Viloyat sudi zamonaviy binoda
10:58 / 2024-12-05

Buxoroda viloyat sudining yangi ma’muriy binosi foydalanishga topshirildi. To‘rt qavatli yangi bino eng zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari bilan jihozlangan. Unda fuqarolarga qulayliklar yaratish maqsadida videokonferensaloqa, infokiosk, korporativ tarmoq tizimlari ishga tushirilgan.

Tantanali ochilish marosimida Buxoro viloyat hokimi Botir Zaripov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari Olimjon Ismoilov, O‘zbekiston Sudyalar assotsiatsiyasining raisi Ubaydulla Mingboyev so‘zga chiqib, sud tizimida faoliyat yurituvchi sudya va xodimlarni yangi bino ochilishi bilan qutladi. Shuningdek, Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish va qonun ustuvorligini ta’minlash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilanganligi qayd etildi.  

Buxoro viloyatida bugungi kunda viloyat sudi hamda viloyat ma’muriy sudi, Jinoyat ishlari bo‘yicha 13 ta shaharlar va tumanlar sudlari, fuqarolik ishlari bo‘yicha 6 ta tumanlararo sudlar hamda 6 ta tumanlararo  iqtisodiy sudlar inson huquqlarini ta’minlash yo‘lida faoliyat olib bormoqda. Tizimni isloh qilish doirasida sudlar moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, sohada raqamlashtirishni kengaytirish, axborot tizimlarini uyg‘un qilish, zamonaviy texnologiyalar orqali odamlarga qulayliklarni yaratish bo‘yicha ham qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.  

Xususan, viloyat sudi ma’muriy binosining zamon talablari asosida qurib, foydalanishga topshirilayotgani ham amalga oshirilayotgan islohotlarning samarasi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.  

Mazkur ma’muriy binoni qurish hamda jihozlash ishlari uchun salkam 12,0 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Qurilish ishlari Ziyodulla Yahyoyev rahbarligidagi “ZIYO SHAHRIYOR QURILISH” MCHJ bunyodkorlari tomonidan amalga oshirildi. Tadbirda qurilish ishlarida jonbozlik ko‘rsatgan quruvchilarga alohida ehtirom ko‘rsatildi.  

Ishtirokchilar yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Sud binosining atrofini obodonlashtirish maqsadida manzarali nihol ko‘chatlari ham ekildi.  

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.