Farg‘ona viloyatida an’anaviy “Tadbirkorlar uyi”da haftaning dushanba kunlari tadbirkorlar uchun qabul o‘tkazilib, ularni qiynayotgan muammolarga yechim topilmoqda. Bu esa tadbirkorlik rivojida, ularni biznes g‘oyalarini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etyapti.
Bugun tashkil etilgan qabulda ham shahar-tumanlardan kelgan 70 nafardan ziyod tadbirkor murojaatlari eshitildi. Unda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov hamda viloyat sektorlari rahbarlari qatnashdi.
Fuqarolar savdo do‘konlari, “Ziyo” maskanlari, “Aqlli bekat”, logistika markazi tashkil etish, tashlandiq yerni obodonlashtirish, o‘quv markazi uchun bo‘sh binodan foydalanish, savdo kompleksini qurish, sport to‘garagi uchun ijaraga joy olish, parrandachilik uchun subsidiya ajratish, kredit olish kabi masalalarda sektor rahbarlariga yuzlandi.

Ko‘tarilgan har bir muammo tegishli boshqarma va tashkilotlar rahbarlari ishtirokida ko‘rib chiqildi, hal etish chora-tadbirlari belgilandi.
– Qonuniy yechimi, asosi bo‘lsa, albatta ijobiy hal qilamiz, — dedi viloyat hokimi.
Shundan kelib chiqib murojaatlarning ayrimlari qabulning o‘zida hal qilingan bo‘lsa, boshqalarini o‘rganish uchun muddatlar belgilandi. Ayni paytda tadbirkorlarga loyihalarini amalga oshirishlari uchun taklif va huquqiy maslahatlar ham berib borildi.

Uchko‘priklik fermer Dilshodjon Qurbonov avvalgi qabul jarayonlarida murojaat bilan kelganligini, bevosita viloyat hokimi topshirig‘i va ko‘rsatmasi bilan muammosi hal bo‘lganligini aytib, o‘z minnatdorchiligini bildirdi. O‘zbekiston tumanidan kelgan Ahror Toirov esa viloyatda chorvachilikni yanada rivojlantirish, chorvachilik kompleksini tashkil qilish taklifini bildirdi va bu taklif qo‘llab-quvvatlandi.
M. Sulaymonov, O‘zA