Buxoro viloyati Romitan tumani olis Gazli shahridagi 37-umumta’lim maktabi tuman markazidan 100 kilometr uzoqlikdagi cho‘l hududida joylashgan. Shunday bo‘lsa-da, bu yerda o‘quvchilarning sifatli ta’lim-tarbiya olishlari uchun barcha shart-sharoitlar mavjud.
Maktab qoshida tashkil etilgan “Barkamol avlod” bolalar maktabining tarmoq to‘garaklari esa o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etishga xizmat qilmoqda.

Olti yo‘nalishdagi 11 ta to‘garakda ayni paytda 250 nafar o‘quvchilar tajribali va mahoratli pedagoglar tomonidan o‘z qiziqishlari asosida kasb-hunar sirlarini o‘rganib kelmoqda.

Xususan, tajribali ustoz Zuhra Xolmurodova rahbarligidagi “Qo‘g‘irchoq teatri” to‘garagi faoliyati namunali yo‘lga qo‘yilgan. 30 nafardan oshiq o‘quvchini qamrab olgan mazkur to‘garak tumanda o‘tadigan turli tadbirlarda o‘z tomoshalari bilan faol ishtirok etib kelmoqda.

Yaqinda ushbu to‘garak a’zolari Buxoro viloyati qo‘g‘irchoq teatrida sayohatda bo‘ldi. Zavqli sayohat davomida ular teatr faoliyati, aktyorlar bilan yaqindan tanishdi.

– To‘garak a’zolari dastlab teatr jamoasi bilan uchrashdi. Har bir dekoratsiya ularda katta qiziqish uyg‘otdi. Shu bilan birga o‘zlariga kerak bo‘lgan saboqlarni oldi. To‘garak a’zolari bu sayohatda ma’naviy hordiq chiqarish bilan birga mahorat bobida ustozlar tajribasidan bahramand bo‘ldi, – deydi Zuhra Xolmurodova.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.