Buxoro viloyati prokurori Mahmud Istamov og‘ir hudud toifasiga kiritilgan Qorako‘l tumani “Qulonchi” mahallasida obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Mahalla aholisi bilan uchrashdi.
Dastlab, aholiga qulaylik yaratish maqsadida tashkil qilingan arzonlashtirilgan savdo yarmarkasining savdo rastalariga chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va narxlar barqarorligi o‘rganildi.

So‘ngra, jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari qabul qilindi. Ularning muammolari tinglandi. Tadbir doirasida, aholi salomatligini yaxshilash maqsadida bepul tibbiy ko‘rik tashkil etildi.

Nogironligi bo‘lgan fuqarolarga 4 ta eshitish moslamasi, 5 dona hassa berildi. “Yoshlar daftari” ga ro‘yxatga kiritilgan tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagi bo‘lgan 5 nafar xotin-qizga tikuv mashinalari topshirildi. Dastur doirasida ichki yo‘llarni shag‘allashtirish, toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, simyog‘ochlar, transformator o‘rnatish, suyultirilgan gaz ballonlarini yetkazish ishlari bajarildi.

Tadbir so‘nggida tadbirkorlik yo‘nalishida imtiyozli kredit olishga ehtiyoji bo‘lgan 25 nafar fuqarolarning muammolarini hal qilish bo‘yicha tegishli mutasaddilarga topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
Zarif Komilov, O‘zA