Namangan viloyatida prokuratura organlari tomonidan joylarda sayyor qabullar tashkil etish orqali xalq bilan uzluksiz muloqot qilish, ayniqsa, yoshlarni qiynab kelayotgan muammolarni o‘rganib, ularni joyida bartaraf etish yuzasidan amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Viloyat prokurori, adliya katta maslahatchisi, viloyat ikkinchi sektor rahbari Jahongir Hotamov tomonidan Kosonsoy tumanidagi madaniyat markazida o‘tkazilgan navbatdagi sayyor qabul ham bu boradagi sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Dastlab viloyat prokurori, tumandagi ikkinchi sektorda yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish bo‘yicha tashkil etilgan shtab faoliyati bilan yaqindan tanishib, bu boradagi ishlarda natijaga erishish yuzasidan tavsiya hamda ko‘rsatmalarini berdi.
Qayd etish joiz, tuman prokurori Foziljon Toirov rahbarligidagi ikkinchi sektor hududiga kiruvchi Rovot, Buloqboshi, Obodon va Sadacha mahallalarida yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli va samarali o‘tkazish hamda jismonan chiniqishiga xizmat qiluvchi kichik sport inshootlari – “vork-aut”lar bunyod etish ishlari yakuniy pallasiga kirdi.
Tadbirning asosiy qismida viloyat prokurorining kosonsoylik o‘g‘il-qizlar ishtirokidagi “Prokuror va yoshlar” mavzuida uchrashuvi tashkil etildi. Ochiq muloqot tarzidagi uchrashuv davomida 22 nafar yoshning asosan bandlik va kredit olishga oid masalasi tinglandi.
Uchrashuvda qatnashganlar qatorida Cho‘ngboshi mahallasidan 25 yoshli Mahmudjon G‘ofurov, Rovot mahallasidan 21 yoshli Nozimjon Turdialiyev uyushmagan yoshlar sirasiga kirishadi. Ular ayni paytda vaqtincha ishsiz. Uchrashuvda ishga joylashishlarida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rashdi.
Yoshlarni eshitgan viloyat prokurori murojaatlarni ijobiy hal etish maqsadida mutasaddi idora va tashkilotlarga aniq muddatlar bilan tegishli vazifalarni belgilab berdi.
Shuningdek, fuqarolar bilan tashkillangan sayyor qabul davomida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, kichik biznesni rivojlantirish uchun yer ajratish va kredit olish kabi masalalar yuzasidan 10 ta murojaat kelib tushdi. Bularni hal etish yuzasidan mutasaddilarga zarur topshiriqlar berilib, ularning ijrosi viloyat prokurori tomonidan nazoratga olindi.
Viloyat prokurori – viloyat ikkinchi sektori ishtirokidagi bunday amaliy tadbirlar joylarda davom etmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA