Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Viloyat prokuraturasiga press-tur uyushtirildi
19:40 / 2023-11-23

Surxondaryo viloyat prokuraturasida ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar uchun navbatdagi matbuot anjumani o‘tkazildi.

Anjuman doirasida ishtirokchilar uchun viloyat prokuraturasiga press-tur tashkil etildi. Unda ishtirokchilar jismoniy va yuridik shaxslar qabuli uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘rdi. Viloyat prokuraturasi faoliyati, yangi tashkil etilgan muzey hamda ma’naviyat-ma’rifat burchagi bilan tanishdi.

Jismoniy va yuridik shaxslar qabulxonasida murojaatchilar bilan ishlash uchun barcha sharoit yaratilgan. Kutish zali, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish burchaklari mavjud. Yosh bolali onalarning farzandlari uchun alohida xona tashkil etilib, mebel va o‘yinchoqlar bilan jihozlangan. Xodimlarning vaqtini tejash uchun sartarosh xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Haftaning har juma kuni xodimlar shu yerning o‘zida sartaroshxona xizmatidan foydalanishi mumkin.  

Viloyat prokuraturasi hovlisidagi ko‘rkam bog‘ va gulzorlar, jismoniy sog‘lomlashtirish maydonlari ham press-tur qatnashchilariga juda manzur bo‘ldi. Tezkor xodimlarning saf tayyorgarligi amaliyot maydonchasi, xizmat kiyimlari turlari va yangi ishga qabul qilinayotgan xodimlarning qasamyod qabul qilish tartiblari bilan tanishtirildi.  

[gallery-14752]

Yangi tashkil etilgan muzeyda prokuratura organlarining o‘tmishi va buguni aks ettirilgan bo‘lsa, ma’naviyat-ma’rifat markazi, ayniqsa, yosh xodimlar uchun ibrat maktabi bo‘lib xizmat qiladi.  

–Prokuratura organlarini xalqimiz barcha uchun ochiq bo‘lmagan idora sifatida tasavvur qilar edi,–deydi viloyat “Surxon tongi” gazetasi muxbiri Adolat Mo‘minova.–Keyingi yillarda sohada yuz bergan o‘zgarishlar prokuraturani odamlarga juda yaqinlashtirdi. Xalqchil prokuratura tashkil etildi. Ushbu press-tur jarayonida biz bu yangilanishga yana bir marta ishonch hosil qildik. Xodimlar bilan suhbat chog‘ida ularning samimiy harakatlari va muomila madaniyatidan bir olam taassurot oldik. Muzey hamda ma’naviyat-ma’rifat xonasi ham sohaga nisbatan katta qiziqish uyg‘otdi.  

Matbuot anjumanida viloyat prokuraturasi organlari tomonidan 2023 yilning o‘tgan davrida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, ularning oldini olish, fuqarolar huquq va erkinliklari, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mazmun-mohiyati slaydlar orqali tushintirildi.

Joriy yilning o‘n oyida viloyatda 4 ming 83 jinoyat sodir etilgan. Jinoyatlar sektorlar bo‘yicha tahlil qilinganida, ularning 1 ming 52 tasi birinchi, 1 ming 6 tasi ikkinchi, 1 ming 56 tasi uchinchi va 969 tasi to‘rtinchi sektorga to‘g‘ri kelgan. Jinoyatlarning 50 foizi Termiz shahri, Denov, Jarqo‘rg‘on va Sho‘rchi tumanlarida sodir etilgan.  

Viloyat prokuraturasi ijtimoiy qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘limi o‘n oyda sohadagi qonunchilik ijrosi yuzasidan 22 ta nazorat tadbiri o‘tkazib, qonunga zid bo‘lgan huquqiy hujjatni bekor qilish yoki qonunchilikka muvofiqlashtirish bo‘yicha 106 ta protest kiritgan. Qonun buzilish holatlarini bartaraf etish uchun vakolatli organlarga 26 ta taqdimnoma kiritib, 39 nafar mansabdor shaxs intizomiy, 36 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Qo‘pol qonunbuzilish holatlari yuzasidan ikkita jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 20 million 896 ming so‘mlik yetkazilgan zarar ixtiyoriy qoplangan. 3 ming 625 nafar shaxsning buzilgan huquqlari tiklangan.  

Matbuot anjumanida, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish va viloyatning ikkinchi sektorida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ham atroflicha ma’lumot berilib, videomateriallar namoyish etildi, taqdimotlar o‘tkazildi. Jurnalist va blogerlarga O‘zbekiston Respublikasining Yangi Konstitutsiyasi kitoblari tuhfa qilindi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.

Xolmo‘min Mamatrayimov,

O‘zA muxbiri