Mamlakatimizda investitsiya muhitini yanada yaxshilash, xorijiy sarmoyadorlar uchun ishonchli va barqaror sharoit yaratish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Prezidentimizning 2025-yil 18-iyuldagi “Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi majlisi doirasida erishilgan kelishuvlarning ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ana shu sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Mazkur qaror ijrosi doirasida kelishuvlarni amalda ta’minlash, har bir loyihani aniq muddat va mas’uliyat asosida ro‘yobga chiqarishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
2026-yil 1-fevral holatiga ko‘ra, mamlakatimizda chet el investitsiyalari ishtirokida 18 ming 513 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Bu ko‘rsatkich 2025-yil 1-dekabrda 17 ming 900 tani tashkil etgan edi. Qisqa muddat ichida qariyb olti yuzta yangi korxonaning ish boshlashi yurtimiz investitsiya muhitiga bo‘lgan ishonch ortib borayotganidan dalolat beradi.
Xorijiy sarmoya ishtirokidagi korxonalarning asosiy qismi Xitoy, Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston va Janubiy Koreya davlatlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu mamlakatlar bilan sanoat kooperatsiyasi, texnologiyalar almashinuvi va eksport yo‘nalishlarini kengaytirish borasida izchil hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Jizzax viloyati bu jarayonda faol hududlardan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ayni paytda viloyatda 260 ta xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu raqam viloyat iqtisodiyotida xalqaro hamkorlik izchil rivojlanayotganining amaliy ifodasidir.
So‘nggi yillarda Jizzaxda sanoat zonalari faoliyati kengayib, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi takomillashtirildi. Qurilish materiallari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, to‘qimachilik va farmatsevtika sohalarida qo‘shma korxonalar soni ortib bormoqda. Har bir yangi loyiha — yangi ish o‘rni, yangi texnologiya va yangi bozor demakdir.
Mutaxassislar fikricha, xorijiy sarmoya ishtirokidagi korxonalar ko‘payishi aholi bandligini ta’minlash, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, hududlarda iqtisodiy faollik kuchayib, tadbirkorlik muhiti yanada jozibador tus olmoqda.
Prezident qarori ijrosi doirasida investitsiya loyihalarini jadallashtirish, ma’muriy to‘siqlarni qisqartirish va sarmoyadorlar bilan ochiq muloqotni kuchaytirish choralari izchil amalga oshirilmoqda. Bu esa Jizzax viloyatida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar samaradorligini oshirish, hududning sanoat salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bugun Jizzax investitsiyalar jozibasi ortgan, ishonch va imkoniyatlar uyg‘unlashgan hududga aylanib bormoqda. Raqamlar ortidagi eng katta yutuq esa inson manfaati va farovon hayot sari qo‘yilayotgan dadil qadamlardir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri