Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Viloyat hokimligiga ekskursiya
20:22 / 2024-01-30

Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda yoshlarning o‘z iqtidor, imkoniyat va salohiyatlarini yuzaga chikarish, ularning taklif, tashabbus va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Bir guruh o‘quvchilarning Andijon viloyati hokimligiga ekskursiyasi yoshlarning taklif va tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanishiga qaratilgan e’tiborning bir namunasi bo‘ldi.

Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonovning yoshlar bilan uchrashuvida Marhamat tumanidagi 40- umumta’lim maktabi o‘quvchisi Fazliddin To‘lqinboyev yoshlar uchun viloyat hokimligi, u yerdagi ish jarayonlari juda qiziqarli, shu bois, o‘quvchi- yoshlar viloyat hokimligiga, umuman, davlat boshqaruv idoralariga tashrif buyursa, ish jarayonlari bilan bevosita tanishsa, degan taklifni ilgari surgan edi. 

O‘quvchining ana shu taklifi qo‘llab-quvvatlanib, Marhamat tumanidagi umumta’lim maktablarining bir guruh faol, bitiruvchi o‘quvchilari viloyat hokimligida bo‘ldi. 

[gallery-15703]

O‘quvchi- yoshlar viloyat hokimligining turli bo‘limlari, viloyat hokimi o‘rinbosarlarining faoliyati, ish jarayonlari bilan bevosita tanishdi, ular bilan suhbat va muloqotlar o‘tkazdi. 

–Viloyat hokimligiga ekskursiya nafaqat menda, balki barcha tengdoshlarimda unutilmas taassurotlar qoldirdi, – deydi o‘quvchi Mohina Turg‘unboyeva. – Bu yerdagi ish jarayonlari bilan tanishish, mas’ul rahbarlar bilan suhbatlar bizga ulkan motivatsiya berdi. Ochig‘i, bu yerda ishlovchilarga juda havas qildim. Bugun yurtimizda biz yoshlarga yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, puxta bilim olib, kelgusida oliy o‘quv yurtida o‘qib, malakali mutaxassis bo‘lishni, mana shunday joylarda ishlashni dilimga tugib qo‘ydim. 

Ushbu ekskursiya o‘quvchi- yoshlarni ruhlantirishi bilan birga, ularning a’lo baholarga o‘qib, kelgusida yetuk mutaxassis bo‘lish uchun ishonch va intilishlarini yanada mustahkamladi.

F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari