Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Ohangaron shahridagi erkin iqtisodiy hududda bo‘lib, ishga tushirilishi kutilayotgan yangi loyihalar bilan tanishdi.
Dastlab “Birlik” mahallasida joylashgan polimer quvurlar va fitinglar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan ""Silk plast quality” va "Ideal Plast Manufactory" korxonasida ishlab chiqarish zanjiri bilan tanishildi, ishchi-xodimlar bilan suhbatlashildi. Shuningdek, viloyat rahbari boyitilgan omixta yem ishlab chiqariladigan "Agro Sammix", metall mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan "Ohangaron temir quvurlari" va "Dal heavy industries" qo‘shma korxonalarida bo‘lib, zavodlarning ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi, tadbirkorlar bilan muloqotda bo‘ldi.
O‘rganishlar davomida Zoyir Mirzayev ichki bozorga sifatli, arzon narxlarda televizor yetkazib berayotgan "Quality device" qo‘shma korxonasida ham bo‘lib, tadbirkor va investorlar bilan uchrashdi. Muloqot jarayonida ishlab chiqarish hajmini kengaytirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish borasida hokimlik vakolatlariga kiradigan yo‘nalishlarda tadbirkorlarga amaliy yordam ko‘rsatish borasida so‘z bordi.
Zoyir Mirzayev sanoat hududini obodonlashtirishga e’tibor qaratdi va bu bo‘yicha viloyat, shahar mutasaddilariga topshiriq berdi.
A.Musayev,O‘zA.