Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov "Shuhrat" medali bilan taqdirlangan Dang‘ara tumani Guliston qishlog‘i, Totuvlik ko‘chasi 12-uyda yashayotgan 106 yoshni qarshilagan Xolmurod ota Qurolov xonadonida bo‘lib, davlat mukofoti, bayram sovg‘alarini topshirdi.
Viloyat hokimini otaxon va 84 yoshli ukasi Urolboy Qurolov ochiq chehra bilan kutib oldilar. To‘kin dasturxon atrofida o‘tgan samimiy suhbat chog‘ida viloyat hokimi otaxonning mehnatlari Prezidentimiz tomonidan e’tirof etilib, “Shuhrat” medaliga munosib ko‘rilganini ta’kidlab, otaxon ko‘ksiga ushbu medalni taqib qo‘ydi.
Otaxon viloyat hokimiga yoshlik davri, uzoq yillik cho‘ponlik faoliyati davomida boshdan kechirgan qiziq voqealar haqida to‘lqinlanib gapirib berdi. Hozirda otaxon farzandlari, 100 dan ziyod nevara, evaralari qurshovida, yurtimizda hukm surayotgan tinchlikni ulug‘lab, duolar qilib hayot kechirmoqda.
–Halol mehnatda, shukronalikda hikmat katta, – deydi otaxon. –Meni yo‘qlab kelganlaringizdan minnatdorman. Yurtimiz tinch bo‘lsin.
M. Sulaymonov, O‘zA