Farg‘ona viloyatida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi ishlarni yanada yaxshilash, aholining muammolarini hal etish maqsadida dastlab Marg‘ilon shahrida o‘rganishlar olib borilgan edi. Ana shunday jarayon hozirda ishchi guruh tomonidan Qo‘qon shahrida davom ettirilmoqda.
Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Xayrullo Bozorov mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan jarayonlarni ko‘rish maqsadida Qo‘qon shahrida bo‘ldi. Viloyat rahbari dastlab shahar hokimligi huzuridagi ijtimoiy ko‘nikma markazi yotoqxonasida istiqomat qiluvchi aholi turmush tarzi bilan tanishdi, ularni oilaviy sharoitlari bilan qiziqdi, fuqarolarning muqim ish o‘rni bilan ta’minlash borasida topshiriqlar berdi. Viloyat hokimligi Ishchi guruhining tavsiyasiga binoan ayni damda binoda ta’mirlash ishlari olib borilyapti.

Shundan so‘ng, viloyat hokimi shahardagi Navbahor ko‘chasida joylashgan Ko‘zi ojizlar jamiyatiga qarashli ishlab chiqarish korxonasida bo‘ldi. Korxona binosining bugungi holati qoniqarsiz holatda. Binoning atigi bir qismida karton ishlab chiqarish sexi faoliyat yurityapti. Viloyat rahbari tomonidan binodan samarali foydalanish, tadbirkorlik sub’ektlarini jalb etish borasida takliflar bildirildi.

Shahardagi “Bunyodkor” mahalla fuqarolar yig‘inida 3-sektor hududini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini ijtimoiy himoya qilish va turmush darajasini oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, huquqbuzarlikni oldini olish bo‘yicha shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi ishchi guruhining shtabi faoliyat yuritadi. Viloyat hokimi shtab faoliyati bilan tanishar ekan, uning ish tartibidan tortib, hudud aholisi uchun qulay bo‘lgan joyda faoliyat olib borishi maqsadga muvofiqligini aytib o‘tdi. Ayni shu hududda "Farg‘onasuvta’minot" mas’uliyati cheklangan jamiyati shahar filialiga qarashli maydondan oqilona foydalanish maqsadida tikuvchilik sexi tashkil etish, natijada 200 nafar mahalla xotin-qizlarini ish bilan ta’minlash imkoniyati yaratilishi haqida taklif bildirdi.

Shu kuni viloyat rahbari shahardagi 4 ta sektor rahbarlarining hududlaridagi ehtiyojmand xonadonlarga borib, oila vakillari bilan uchrashdi. Ularning muammolarini birma-bir tingladi. Shu joyning o‘zida fuqarolarning har bir murojaati yuzasidan sektor rahbarlariga kerakli vazifalarni belgilab berdi. Viloyat rahbarining uyma-uy yurib, xalq bilan yuzma-yuz muloqotda bo‘lganligi aholida katta ishonch tuyg‘usini uyg‘otdi.
M. Sulaymonov, O‘zA