FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov Uchqo‘rg‘on tumanida O‘zbekiston va Qirg‘iziston Respublikalarini bog‘lovchi “Uchqo‘rg‘on” chegara bojxona postida amalga oshirilayotgan qurilish ishlari bilan yaqindan tanishdi.
Mazkur “Uchqo‘rg‘on” chegara bojxona posti shu yilning sentyabr oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Postning ochilishi Namangan viloyati va Uchqo‘rg‘on tumani aholisi uchun katta qulayliklar yaratibgina qolmay, logistika, xizmat ko‘rsatish sohalarining takomillashtirilishiga ham xizmat qiladi. Bir vaqtlar Markaziy Osiyoning eng yaxshi bozori bo‘lgan Uchqo‘rg‘on bozorining oldingi mavqei tiklanadi.
Viloyat rahbari post qurilishi bilan tanishuv jarayonida pudrat tashkiloti tomonidan ishlarni jadallashtirish, qurilish sifatiga alohida e’tibor qaratish lozimligi bo‘yicha mutasaddilarga bir qator ko‘rsatmalar berdi. Shuningdek, qurilish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni qisqa muddatlarda bartaraf qilish hamda topshiriqlar ijrosini ta’minlash yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov tumandagi o‘rganishlarini “Markaziy dehqon bozori”da davom ettirdi.
Ayni paytda bozorda sotuvchi va xaridorlarga yetarli sharoit yaratish uchun keng ko‘lamli qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Loyiha bo‘yicha bozor atrofidagi tirbandliklar oldini olish uchun yo‘llar, avtoturargohlar, qo‘shimcha savdo pavilonlari barpo etiladi.
[gallery-18392]
Viloyat rahbari jarayon bilan tanishib, qurilishni tez va sifatli yakunlash bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berdi. Shuningdek, viloyat hokimi tuman tibbiyot birlashmasida bo‘lib, sobiq shoshilinch tez tibbiy yordam binosida olib borilayotgan qurilish ta’mirlash ishlari bilan tanishdi.
Ushbu binoga kardiologiya, nevrologiya, ichki kasalliklar, ginekologiya, ko‘z kasalliklari bo‘limlarini joylashtirish rejalashtirilgan.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA