Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev O‘zbekiston Yilqichilik va ot sporti federatsiyasining 2025 yildagi faoliyati sarhisobiga bag‘ishlangan marosimda Milliy gvardiya Samarqand viloyat chavandozlar maktabini qo‘llab-quvvatlagani hamda sportchilar erishgan yutuqlari uchun tashakkurnoma oldi.
Qayd etilganidek, keyingi yillarda viloyatda milliy sport turlarini rivojlantirish, jumladan, chavandozlar tayyorlash tizimini mustahkamlash va buning uchun zamonaviy infratuzilma yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning natijasida sport muassasalari, jumladan, chavandozlar maktabi moddiy-texnika bazasi mustahkamlandi. Samarqandlik sportchilar respublika va xalqaro miqyosdagi musobaqalarda yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritmoqda.
O‘zbekiston Yilqichilik va ot sporti federatsiyasi hamda Milliy gvardiya mas’ullari tashakkurnomani viloyat rahbariga topshirib, Samarqand ot sportini yanada rivojlantirish yuzasidan o‘z taklif va tashabbuslarini bildirdilar. O‘z navbatida A.Boboyev 2026 yilda ham viloyatda sportning barcha turlari qatori yilqichilik va ot sporti federatsiyasi faoliyati ham qo‘llab-quvvatlanishini bildirdi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri