Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev Samarqand shahrida o‘ziga biriktirilgan mahallalarda istiqomat qiluvchi otaliqqa olingan yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuvda yoshlarning muammolari, ularni qiynayotgan masalalar hamda kelgusidagi rejalari atroflicha muhokama qilindi. Yigit-qizlar bandlik, ta’lim olish, tibbiy yordam, kasb-hunar o‘rganish va tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalarida viloyat rahbariga murojaat qildi.

Jumladan, Toshkent davlat transport universitetida sirtqi ta’lim shaklida tahsil olayotgan ikkinchi kurs talabasi Oleg Starkov ishga joylashishda yordam so‘radi. Viloyat hokimi tegishli mas’ullar bilan fikrlashib, uning murojaatiga shu yerning o‘zida yechim topildi. Oleg o‘qiyotgan ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha Samarqand temiryo‘l vokzalida ishga joylashtiriladigan bo‘ldi.
Sabina Rajabboyeva salomatligi bilan bog‘liq masala yuzasidan murojaat qilib, o‘tkazilishi zarur bo‘lgan jarrohlik amaliyoti xarajatlariga o‘zining maoshi yetmayotgani sababli, buni qoplab berishda ko‘mak so‘radi. Bu masalada unga yordam berilishi aytildi.

Uchrashuv davomida ishga joylashish, til o‘rganish va o‘quv markazlarida tahsil olish bo‘yicha ham yoshlarning murojaatlari eshitildi. Har bir murojaatda qayd etilgan muammo va masalalarni bartaraf etish yuzasidan mas’ul tashkilotlar rahbarlariga tegishli topshiriqlar berildi.
– Hech bir yoshning muammosi e’tibordan chetda qolmaydi, ularning bandligi va ijtimoiy faolligini oshirish ishlari davom ettiriladi, – dedi uchrashuv yakunida viloyat hokimi A.Boboyev. – Shuningdek, yoshlarni tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘rgatish, imtiyozli kredit va subsidiya ajratish, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishlari uchun imkoniyat yaratish doimiy e’tiborda bo‘ladi. Barcha rahbarlar otaliqqa olgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning jamiyatda munosib o‘rnini topishiga ko‘maklashishni eng muhim vazifalaridan biri deb bilishi kerak.
Muloqot yakunida yoshlarga kitob va noutbuklar tuhfa qilindi.


G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari