Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Viloyat hokimi olis qishloq aholisi va chegarachilar yashash sharoitini o‘rgandi
16:50 / 2022-01-23

“Qizilravot” mahalla fuqarolar yig‘ini Buxoro viloyati Romitan tumani markazidan 265 kilometr uzoqlikda, Qizilqum kengliklarida joylashgan. Mamlakatimizning janubiy “qon tomiri” – Amudaryoga yondosh hududdagi  mazkur aholi punktining umumiy yer maydoni 294 ming gektarni tashkil etadi. Bu yerda 133 ta oilada 500 nafardan ziyod asosan qazoq millatiga mansub aholi yashaydi. 

Qizilravotliklar turmush sharoitini yaxshilash, tibbiy xizmat ko‘rsatish, hudud infratuzilmasini yanada takomillashtirish doimiy e’tiborda. Har yili viloyat hokimi boshchiligidagi mutasaddilar bu yerdagi aholi muammolarini o‘rganadi. Jumladan, o‘tgan yili "Obod qishloq" Davlat dasturi doirasida hududda Qizilravot hamda Qizilqum qishloqlari ichki ko‘chalari asfalt qilingan. Elektr ta’minoti yaxshilanib, transformator ta’mirlangan. 960 ta simyog‘och yangi beton ustunlarga almashtirilgan. 102 ta simyog‘och yangidan o‘rnatilgan. Mavjud 12 ta ko‘chaga yoritish chiroqlari o‘rnatilgan.

Viloyat hokimi, hudud ma’muriy sektori rahbari Botir Zaripov viloyat Mudofaa ishlari, Ichki ishlar, Davlat soliq, Bojxona boshqarmalari va boshqa huquqni muhofaa qilish idoralari, shuningdek, tegishli tashkilot va muassasalar rahbarlari hamrohligida harbiylar holidan xabar oldi. Sarhadlarimiz tinchligi va osoyishtaligiga kamarbasta bo‘lgan yurt o‘g‘lonlariga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Qizilravot mahallasi va harbiy qismlarda bo‘ldi. 

Viloyat hokimi aholining yashash sharoitini o‘rgandi. Ijtimoiy ob’ektlar faoliyati bilan tanishdi. Hudud infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha choralar belgilandi. 

Dastlab viloyat rahbari zamonaviy oilaviy shifokorlik punkti qurilishi jarayoni bilan qiziqdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, hududda mavjud tibbiyot muassasasi o‘tgan asr yetmishinchi yillarida qurilgan. Ma’nan eskirgan va talabga javob bermay qolgan edi. Viloyat mutasaddilarining o‘tgan yilgi tashrifi davomida aholi vakillari shu masalaga ijobiy yechim topish maqsadida murojaat qilgan edi. Shundan so‘ng mahallada zamonaviy oilaviy shifokorlik punkti qurish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilandi. Zavqiddin Muhiddinov rahbarligidagi “Fasxo quality bulding” MCHJ bunyodkorlari tomonidan amalga oshirilayotgan qurilish ishlariga qariyb 1,5 milliard so‘m mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ayni kunda bino poydevorini qurish ishlari yakunlangan.  

Yangi yil bayrami arafasida bu yerda barpo etilgan “Qizilravot” suv inshooti foydalanishga topshirildi. Sahro bag‘rida qad rostlagan inshootni qurish uchun 1 milliard 700 million so‘m miqdorida mablag‘ sarflandi. Endi qizilravotliklar uchun ichimlik suv muammo bo‘lmaydi. Aynan “Obod qishloq” Davlat dasturi ijrosi doirasida olis va chekka manzilda yashab, umrguzaronlik qilayotgan aholi turmush sharoitini yaxshilash maqsadida Qizilravotdagi 39-son umumta’lim maktabi 1 milliard 223 million so‘m miqdoridagi mablag‘ evaziga ta’mirdan chiqarilgan. Hudud yoshlarining ta’lim-tarbiya olishlari uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratilgan.

Umumta’lim maktabida bo‘lgan viloyat hokimi moddiy-texnik ta’minotga alohida e’tibor qaratdi. Issiqlik tizimini ko‘zdan kechirdi. O‘qituvchilar kasb mahorati, intellektual salohiyati, o‘quvchilarga munosib ta’lim-tarbiya berishda e’tibor qilish lozim bo‘lgan jihatlar, kutubxona fondi haqida suhbatlashdi.

Ovul aholisi uchun arzonlashtirilgan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdo yarmarkasi tashkil etildi. Xonadonlarga ko‘mir, suyultirilgan gaz to‘ldirilgan maishiy ballonlar yetkazildi. Viloyat hokimi mahalla xonadonlarida bo‘lib, o‘z mehnati bilan atrofdagilarga namuna bo‘layotgan oilalar vakillari bilan suhbatlashdi. Aholi daromadlarini ko‘paytirish borasida tavsiyalar berdi. Hududdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj Turg‘unbek  Mirzaliyev xonadonida bo‘ldi. Bu oilada voyaga yetayotgan ikkinchi guruh nogironi Ersultan Polatov holidan xabar oldi.

– Bizda ko‘p yildirki, sholi va boshqa ekinlar yetishtirib kelingan 300 gektar yer maydonidan hozirda 9 ta fermer xo‘jaligi unumli foydalanib kelmoqda, – dedi viloyat hokimi bilan suhbatda ovul oqsoqoli Hojiqurbon Nuratdinov. — Niyatimiz shu ekin yerlari yonidan yana yer ochib berilsa, bir paytlar dovrug‘i yoyilgan Qizilravot qovunchiligini tiklasak. Bundan oilalarimiz ham moddiy manfaatdor bo‘lardi.  Bu murojaat inobatga olinib, daryo bo‘yidagi 90 gektarlik kontur o‘rganiladigan bo‘ldi. 

Qizilravot tarkibidagi Gugurtli aholi maskanidagi 12 ta xonadonda yetmish nafarga yaqin aholi yashaydi. Ular asosan chorvachilik va dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. Murojaatlardan so‘ng bu yerda alohida jihozlangan vagon-konteyner ko‘rinishida tibbiy punkt hozirlash va aholiga birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish, yo‘lni asfaltlashtirish kabi ishlar amalga oshiriladigan bo‘ldi.

[gallery-5542]

Zarif Komilov, 

Tohirjon Istatov (surat), O‘zA