Navro‘z bayrami qadriyatlarimiz ulug‘langan bayram sanaladi. Bu bayramda ehtiyojmand oilalar, bemorlar holidan xabar olinadi, gina-kudratlar unutilib, janjallashib qolganlar bir-biri bilan yarashadi. Xullas, unutilayozgan an’ana va udumlar Navro‘zi olamda yana qaytadan bo‘y ko‘rsatadi.
Navro‘zi olam shodiyonalari doirasida Navoiy viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Normat Tursunov Karmana tumanida bo‘lib, nuroniy otaxon va onaxonlar holidan xabar oldi.
Dastlab viloyat hokimi ikkinchi jahon urush qatnashchisi Pirnazar bobo Turdiyev xonadoniga tashrif buyurib, bayram bilan tabrikladi.
Pirnazar bobo ayni paytda 102 yoshni qarshilagan. U ikkinchi jahon urushining olovli nuqtalarida bo‘lib, janglarda ishtirok etgan.
– Men 1947 yilgacha olti yil harbiy xizmatda bo‘ldim, – deydi qahramonimiz. – Olti yil ichida to‘rt marta yaralanib, uyiga ikki marta qoraxat kelgan. So‘nggi bor Boltiqbo‘yida yaralanganimda ko‘p qon yo‘qotganimdan keyingina harbiy xizmatdan bo‘shatilganman. Xizmatdan qaytib, qirq yil xo‘jalikda temirchilik qildim, Kunduzi ustaxonada, kechasi allamahalgacha uy qurganman. Garchi hozir yuz yoshdan oshgan bo‘lsamda, jismoniy mehnat qilaman. Yer ag‘darib, sabzavot ekinlari ekib parvarishlayman.
Uchrashuvda otaxon bayramda yo‘qlab kelganliklari uchun minnatdorlik bildirib, duoga qo‘l ochar ekan, dorilomon kunlarga yetkazgani, yurtimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligi uchun shukronalik bildirdi.
– Tinch o‘tirolmaymanda. Mehnat qilmasam kasal bo‘lib qolaman, – deydi kulib Pirnazar bobo.
Shuningdek, viloyat hokimi nuroniy onaxonimiz Muyassar buvi Hoshimova xanadoniga bo‘ldi. Viloyat rahbari onaxonni Navro‘z ayyomi bilan tabrikladi.
– Meni so‘rab kelganingiz uchun barchangizga rahmat aytaman, – deya duo qildi Muyassar buvi. – Doimo yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin. Biz keksalar uchun doimo qulay shart-sharoitlarni yaratib berayotgan Prezidentimiz hamisha sog‘-omon bo‘lsin.
Uchrashuvlarda nuroniylarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA