Samarqand viloyati hokimi E.Turdimovning yoshlar bilan bu galgi uchrashuvi Narpay tumanining Zoir ota va Do‘stlik mahallalarida o‘tkazildi.
Uchrashuvda viloyat hokimi bilan birga Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi boshlig‘i, viloyatdagi boshqarma va idoralar, tuman tashkilotlari mutasaddilari ishtirok etdi.
Ikkala mahallaning 115 nafar yoshlari o‘z muammo va tashvishlari yuzasidan viloyat hokimiga murojaat qilib, javob oldi. Masalalarning aksariyati shu yerning o‘zida mutasaddilar ishtirokida hal etilgan bo‘lsa, muddat talab qiladigan murojaatlar qonunchilikda belgilangan tartibda va vaqtda ko‘rib chiqilib, javob qaytariladigan bo‘ldi.

Do‘stmurod Nazarov kreditga motoroller olib tadbirkorlik qilish niyatida ekanligi aytib, shu masalada hokimdan yordam so‘radi. Unga “Mikrokreditbank” tomonidan kredit ajratilib, ushbu texnika olib beriladigan bo‘ldi.
Uchrashuvlarda yoshlar asosan, ishga joylashish, tadbirkorlik uchun yer va kredit masalalari yuzasidan murojaat qildi. Har bir masala bo‘yicha mas’ullarga vazifalar topshirildi. Bu ishlarni qisqa muddatlarda bajarish zarurligi tushuntirib o‘tildi.
G‘.HASANOV, O‘zA