Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Paxtaobod tumanidagi og‘ir hududlardan hisoblangan Dirdiyor mahallasida bo‘lib, mahalla aholisi bilan muloqot o‘tkazdi.
Viloyat hokimi muloqotda mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan aholining turmush sharoitini yaxshilash, xalqimizning hayotdan rozi bo‘lib yashashini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi, ayniqsa, og‘ir hududlardagi muammolarni bartaraf etish, odamlarni qiynayotgan muammolarni hal etish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganligi, bu borada Andijonda ham e’tiborga molik ishlar olib borilayotganligini ta’kidladi.
Ayni kunda Durdiyor mahallasidagi 650 xonadonda 3 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Viloyat hokimi boshchiligida sektor rahbarlari, viloyat boshqarma va tashkilotlari rahbarlari ishtirokidagi muloqotda mahalla aholisi toza ichimlik suvi tizimini yangilash, yo‘llarni ta’mirlash, gaz va elektr ta’minotini yaxshilash, mahallada maktabgacha ta’lim tashkiloti barpo etish, qishloq vrachlik punkti tashkil etish bo‘yicha yordam ko‘rsatilishini so‘radi.
Shu kunning o‘zidayoq tabiiy gaz, elektr energiyasi, suv ta’minoti idoralari ishchi-mutaxassislari hamda yo‘lsozlar tomonidan keng ko‘lamli obodonlashtirish, bunyodkorlik, tizimlarni yangilash ishlari boshlab yuborildi.
Mahallada maktabgacha ta’lim tashkiloti qurish, qishloq vrachlik punkti tashkil etish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
Aholi salomatligini yaxshilash maqsadida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Zamonaviy diagnostika asbob-anjomlari yordamida o‘tkazilgan tibbiy ko‘rikka tuman, viloyat tibbiy muassasalarining malakali shifokor va mutaxassislari jalb etildi. Tibbiy ko‘rik davomida ming nafardan ortiq fuqaro o‘z salomatligi bo‘yicha kerakli tahlil natijalari, maslahat va tavsiyalar oldi. Turli kasalliklar aniqlanib, davolanishi lozim, deb topilgan bir guruh fuqarolarga davolanish uchun yo‘llanmalar berildi.
Bundan tashqari, viloyat tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boshqarmasi mutaxassislari, patronaj-hamshiralar tomonidan mahalladagi nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz yashovchi keksalar xatlovdan o‘tkazildi. Ularning xonadoniga borib, salomatligi tekshirildi, ularga zarur ko‘mak ko‘rsatildi. Xatlov davomida aholining reabilitatsiya texnik vositalari hamda protez-ortopediya moslamalariga ehtiyojlari o‘rganildi, Ushbu jihozlarga ehtiyoji bor fuqarolarning muammolari ijobiy hal etiladigan bo‘ldi.
Viloyat hokimi, mutasaddi rahbarlar fuqarolarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytardi.
Paxtaobod tumanida aholining muammolarini bartaraf etish, turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgan yuqoridagi kabi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA