Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Viloyat hokimi ko‘mir qazish loyihalari va gaz konidagi holatni o‘rgandi
08:59 / 2025-11-07

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Boysun tumanida bo‘lib, tog‘-kon sanoati korxonalarining ko‘mir qazib olish loyihalarida olib borilayotgan ishlari bilan tanishdi.

Tumanda “Boysun ko‘mir” mas’uliyati cheklangan jamiyati umumiy qiymati 50 million dollarlik yirik loyihani amalga oshirmoqda. Bu mablag‘ning 45 million dollari xorij investitsiyasi bo‘lib, loyiha ko‘mir qazib olish va uni sanoat usulida qayta ishlashga yo‘naltirilgan.

Taqdimot chog‘ida sanoat tarmoqlari uchun mo‘ljallangan ko‘mirni qazib olish, undan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish va qo‘shilgan qiymat zanjirini kengaytirish masalalari atroflicha muhokama etildi. Ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.

Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyati va Oltinsoy tumanida “Turon Eko Ko‘mir” mas’uliyati cheklangan jamiyati zamonaviy texnologiyalar asosida yuqori kaloriyali qattiq yoqilg‘i qazib olmoqda.

Taqdimot yakunida viloyat rahbariga “Mustaqillikning 25 yilligi” konidagi vaziyat va sodir bo‘lgan texnogen holatni bartaraf etish yuzasidan ko‘rilayotgan amaliy chora-tadbirlar xususida axborot berildi. Boysunga xorijning eng tajribali mutaxassislari jalb etilib, hamkorlikda vaziyatni barqarorlashtirish yechimi ishlab chiqilayotgani ma’lum qilindi. 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri