Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev joriy yilning to‘qqiz oyida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berdi.
Viloyat hokimining qayd etishicha, 9 oy yakuni bilan viloyatning yalpi hududiy mahsulot hajmi 87,5 trillion so‘m (107,7 foiz)ni tashkil etdi. Bunda sanoat hajmi 7,8 foiz, qishloq xo‘jaligi 3,9 foiz, xizmatlar hajmi 14,1 foiz va qurilish hajmi 22 foiz o‘sishi ta’minlandi. Yil yakuni bilan yalpi ichki mahsulot hajmi 7,1 foizga, sanoat 7,1, qishloq xo‘jaligi 4,1, xizmatlar 14,5 va qurilish ishlari 17 foizga o‘sishi kutilmoqda.
Umumiy byudjet daromadlari 4,7 trillion so‘mga (106,4 foiz), mahalliy byudjet daromadlari esa 4,6 trillion so‘mga (108,8 foiz) yoki 373,5 mlrd. so‘m orttirib bajarildi.
– Bugungi islohotlarning asosiy mazmuni ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish bo‘lib, o‘tgan davrda 294,7 ming ishsiz aholining bandligi ta’minlandi, – dedi A.Boboyev.
– Natijada ishsizlik darajasi yil boshidagi 5,4 foizdan 4,8 foizga qisqardi. Bunda asosan investitsiya loyihalarini ishga tushirish hisobiga 15,8 ming, tadbirkorlikni rivojlantirish natijasida 202,7 ming, qishloq xo‘jaligida 64,3 ming va qurilishda 11,9 ming nafar aholi bandligi ta’minlandi. Ishsiz aholini kasb-hunarga o‘qitishning vaucher tizimi asosida 5 mingdan ortiq aholi 35 turdagi kasb-hunar va xorijiy tilga o‘qitildi va ishga joylashtirildi. Mahallalarda aniqlangan 17,3 ming nafar ishsiz fuqarolar bilan 4 tomonlama shartnomalar imzolanib, 11,7 ming nafarining bandligini ta’minlashga erishildi. Aholini tadbirkorlikka jalb qilish uchun qariyb 2 trillion so‘m kreditlar ajratildi.
Ajratilgan kreditlar hisobiga mahallalarda 37 mingta mikroloyiha amalga oshirilib, 77 mingta yangi ish o‘rni yaratildi. Xorijda past daromad topayotgan 120 ming nafar fuqarolarni qaytarib, 73 ming nafari daromadli ish bilan ta’minlandi.
Umuman yil yakuniga qadar barcha imkoniyatlarni safarbar etgan holda 320 mingdan ortiq aholi bandligi ta’minlanib, ishsizlik darajasi 5,4 foizdan 4,5 foizga qisqartiriladi.
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida 36,7 ming oila kambag‘allikdan chiqarilib, kambag‘allik darajasini 7,5 foizdan 4 foizga tushirish kutilmoqda.
Iqtisodiyot tarmoqlariga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish va viloyat eksport salohiyatini yanada oshirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, joriy yilda iqtisodiyotning turli sohalarida amalga oshirilayotgan 104 ta loyiha hisobiga 1,1 milliard AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Hududiy investitsiya dasturi doirasida qiymati 954,2 million dollarlik 770 ta loyiha amalga oshirilib, 14 ming 765 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Viloyatning eksport salohiyatini yanada oshirish maqsadida joriy yilda eksport hajmini 1 milliard dollarga yetkazish belgilanib, yilning o‘tgan davrida 713,8 million dollarlik mahsulotlar xorijga chiqarildi. Eksport hajmi o‘tgan yilga nisbatan 30 foizga oshdi.
Viloyatning asosiy drayver sohasiga aylanayotgan turizmni rivojlantirish borasidagi chora-tadbirlar natijasida 9 oyda Samarqandga 2,6 million nafar xorijiy va 5,1 million nafar mahalliy sayyoh keldi. Turizm xizmatlari eksporti 538,2 million dollarni tashkil etib, 79 foizga oshdi. Joriy yilda 194 ta mehmonxona, xostel va oilaviy mehmon uylari tashkil etilib, ularning soni 822 taga yetdi. 63 ta yangi turizm kompaniyasi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularning soni
452 ta taga yetkazildi.
– Iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlaridan biri bo‘lgan qishloq xo‘jaligi sohasi aholini oziq-ovqat bilan ta’minlash va eksportni oshirishda muhim o‘rin tutadi, – dedi A.Boboyev. – O‘tgan 9 oy davomida viloyatimizda 632 ming tonna kartoshka, 1,4 million tonna sabzavot, 112,9 ming tonna poliz, 344,9 ming tonna meva va rezavorlar, 567,2 ming tonna uzum, 245 ming tonna go‘sht, 1,1 million tonna sut va 1,2 milliard dona tuxum yetishtirildi. 6,1 ming gektar yer maydonlari qayta foydalanishga kiritildi. Birgina Nurobod tumanida 1440 gektar lalmi yer maydonlarini sug‘oriladigan yerlar toifasiga o‘zgartirish hisobiga “Sariqul mega agro” MCHJ tomonidan kartoshka va sabzavot yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda 750 gektar maydon suv tejovchi texnologiyalar asosida o‘zlashtirilib, 150 gektar maydonda kartoshka ekildi. Aholining oziq-ovqatga bo‘lgan talabini qondirish, narx-navo barqarorligini saqlash maqsadida viloyatda 2025 yil hosili uchun 90,6 ming gektar maydonida takroriy ekinlar ekildi.
Viloyat hokimi o‘z hisobotida, shuningdek, qurilish, ta’lim, tibbiyot, sport sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar, aholini ijtimoiy muhofa qilish, yoshlar siyosati bo‘yicha ham batafsil ma’lumot berdi.
Sessiyada deputatlar hisobot yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha viloyat hokimiga murojaat qilib, savollariga javob oldilar.
G‘.Hasanov, O‘zA