Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Viloyat hokimi imtiyoz asosida talabalikka qabul qilingan qizlarni tabrikladi
16:20 / 2020-10-14

Ayni paytda viloyat aholisining 1 million 300 mingdan ortigʻini ayollar tashkil etadi.


Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov Prezidentimiz tashabbusi bilan xotin-qizlarning yuqori taʼlim olish imkoniyatini kengaytirish maqsadida toʻrt foizlik davlat granti asosida oʻqishga qabul qilingan qizlarni tabriklab, sertifikat va esdalik sovgʻalarni topshirdi.

Tadbirda soʻnggi yillarda xotin-qizlarning jamiyatdagi roli va mavqeini oshirish, ularning har taraflama baxtli va hayotdan rozi boʻlib yashashini taʼminlashga qaratilayotgan yuksak eʼtibor oʻz samaralarini berayotgani taʼkidlandi. Gender tengligini taʼminlash yuzasidan keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Ayni paytda viloyat aholisining 1 million 300 mingdan ortigʻini ayollar tashkil etadi. Ularning 2 ming 652 nafari turli sohalarda rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritmoqda. Oʻtgan saylovda vohadan ikki ayol Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, 1 nafari Oliy Majlis Senati aʼzosi etib saylangan. Xalq deputatlari viloyat kengashi deputatlarining 17, tuman va shahar kengashlari deputatlarining 90 nafari xotin-qizlardir.

–Davlatimiz rahbari gʻoyasi bilan joriy yilda xotin-qizlarning oliy taʼlim olish imkoniyatini kengaytirish uchun alohida 4 foizlik davlat granti asosida kvota ajratilgani ham ana shunday eʼtibor va gʻamxoʻrlikning yana bir ifodasi boʻldi,– dedi viloyat hokimi.– Albatta, bu imtiyoz davlat granti asosida talabalikka qabul qilingan qizlarimiz zimmasiga masʼuliyatli vazifalarni yuklaydi. Bu ham mamlakatimizda jamiyatimiz gultojlari boʻlgan xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirishga alohida eʼtibor berilayotganiga yaqqol dalildir.

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlari viloyatda istiqomat qilayotgan 1 ming 681 xotin-qizga oliy taʼlim muassasalariga qoʻshimcha davlat granti asosidagi tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berdi. Test sinovlari natijasiga koʻra, ularning 71 nafari davlat granti asosida talabalikka tavsiya etildi.

Tadbirda ajratilgan imtiyoz bilan davlat granti asosida talabalikka qabul qilinganlar nomidan soʻzga chiqqan qizlar koʻrsatilgan bunday gʻamxoʻrlik uchun davlatimizga chuqur minnatdorlik bildirib, yuksak ishonchni oqlashga, kelgusida Yangi Oʻzbekistonning eng faol bunyodkorlari sifatida xotin-qizlar huquq va manfaatlarini taʼminlab, ijtimoiy faolligini oshirish yuzasidan amalga oshirilayotgan islohotlarga yaqin koʻmakchi boʻlishga soʻz berdi.