Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Viloyat hokimi fuqarolarning muammolarini joyida hal qildi
10:56 / 2020-11-16

Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyevning navbatdagi sayyor qabuli Arnasoy tumani madaniyat markazida o‘tkazildi.

Keyingi paytda viloyatda o‘tkazilayotgan xalq bilan muloqotlarda, rahbarlarning sayyor qabullarida “har bir murojaat ortida inson manfaati” tamoyili asosida aholi turmush farovonligini yanada oshirish, ular uchun barcha sohada zarur qulayliklar yaratishga e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda sayyor qabulda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy hokimlikning mutassadilari ham ishtirok etayotgani muloqotning samarali bo‘lishiga xizmat qilayotir.

Viloyat hokimi eng chekka hududlaridan biri bo‘lgan Arnasoy tumanida o‘tkazgan sayyor qabulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jizzax viloyatidagi xalq qabulxonasi mudiri Bayrambek Uzoqov, viloyat mutasaddilari va Arnasoy tuman hokimligi, tashkilot, korxonalar hamda ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etdi. Sayyor qabul davomida kredit, ish bilan ta’minlanish, dehqonchilik qilish uchun yer ajratish kabi bir qator muammoli masalalar hal etildi.

Ochiq muloqot shaklida tashkil etilgan qabulda 61 nafar fuqaroning 69 murojaati tinglanib, ularga ijobiy yechim topish bo‘yicha tegishli mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.

Mazkur murojaatlarning aksariyati tadbirkorlik qilish uchun bank krediti, uy-joy, moddiy yordam, ishga joylashish, sog‘liqni saqlash hamda to‘lov-kontraktlari kabi masalalarga oid bo‘lib, aksariyati joyida yechimini topdi.

Masalan, bitta oilada 3 nafar o‘g‘il-qizlarning tahsil olayotganligini inobatga olib Toshkent tibbiyot akademiyasida tahsil olayotgan Xolniso Sa’dullayevaning 4 million 890 ming so‘m hamda O‘zbekiston Milliy universitetida tahsil olayotgan Kumush Ergashevaning 3 million 500 ming kontrakt to‘lovlari to‘lab berildi.

Shuningdek, tadbirkorlik qilish istagida murojaat qilgan 7 nafar fuqarolarga tijorat banklari tomonidan 395 million so‘m miqdorda kredit mablag‘larini ajratish bo‘yicha sertifikatlar topshirildi.

Sayyor qabul davomida nogironligi bo‘lgan fuqarolardan 2 nafarga nogironlik aravachasi, 3 nafarining hassa va qo‘ltiqtayoq berildi.

Moddiy imkoniyati yo‘qligi sababli ko‘p yillardan buyon sog‘ligini tiklay olmayotgan fuqarolarning 4 nafariga davolanish uchun order, o‘zini-o‘zi band qilish uchun fuqarolarning 2 nafariga tikuv mashinalari, 5 nafariga qandolat mahsulotlarini tayyorlash uchun pechlar berildi va ishsiz bo‘lgan 4 kishi tuman tibbiyot birlashmasiga ishga joylashtirildi.

Sayyor qabul davomida viloyat davlat xizmatlarining maxsus mobil avtobusi tuman aholisiga ko‘chma xizmat ko‘rsatdi.

Sayyor qabulga kelgan fuqarolarning hech biri norizo bo‘lib ketmadi.

 

T. BEKNAZAROV.O‘zA