Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Viloyat hokimi boshchiligidagi mutasaddilar urush faxriylari xonadonida
07:29 / 2022-03-22

Navro‘z bayrami munosabati bilan Farg‘ona viloyatida yashovchi 29 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining holidan xabar olindi, ularga davlatimiz rahbari nomidan bayram sovg‘alari topshirildi.

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni Lutfulla Buzrukov, viloyat sektorlari rahbarlari, viloyat mudofaa va xavfsizlik tizimlari rahbarlari Toshloq tumanida istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Fayzullo ota Eminov hamda Rishton tumanida yashovchi Abdulhay ota Azizov xonadonlarida bo‘lib, otaxonlar va ularning oila a’zolarini Navro‘z ayyomi bilan tabrikladi. 

Fayzullo ota bu yil 97 bahorni qarshiladi. U 17 yoshida minglab o‘zbekistonliklar qatori qo‘liga qurol olib, fashizmga qarshi kurashdi. Urushdan so‘ng 50 yildan ziyod brigadirlik qildi, turmush o‘rtog‘i Melixon aya bilan 6 o‘g‘il, 3 qizni tarbiyaladi. Hozirda otaxon 100 dan ziyod nabira-yu, chevara-evaralar qurshovida bugungi tinch-osoyishta va farovon o‘tayotgan har bir kun uchun shukronalar aytib yashamoqda.

98 yoshni qarshilagan Abdulhay ota Moskva ostonalarida bo‘lgan janglarda ishtirok etgan. Urushdan qaytgach, 53 yil xalq ta’limi sohasida mehnat qilgan, soha rivojiga qo‘shgan katta hissasi uchun qator ordenlar bilan mukofotlangan. 3 o‘g‘il, 4 qizni tarbiyalab uyli-joyli qildi. Bugun esa nevara-yu chevaralar bag‘rida umrguzaronlik qilmoqda.

O‘z urush xotiralari, o‘tgan davrlarning qiyinchiliklari, hayot tajribalari haqida viloyat hokimiga so‘zlab bergan otaxonlar, bugungi dorilomon kunlarning qadriga yetish kerakligini ta’kidlashdi. Prezidentimiz tomonidan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga ko‘rsatilayotgan doimiy g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik bildirishdi.

 

M. Sulaymonov, O‘zA