English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Viloyat hokimi bolajonlarga “Prezident sovg‘asi”ni topshirdi
10:28 / 2021-12-30

Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan bolalar uchun internat uyida tarbiyalanayotgan bolajonlarni bayram bilan tabrikladi. Ularga Prezidentimizning Yangi yil sovg‘alarini topshirdi.

Internat uyi 1970 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 2020 yilda davlat byudjetidan ajratilgan 311 million so‘m mablag‘ evaziga qayta ta’mirlangan. Ayni kunda bu muassasada davlat ijtimoiy muhofazasiga olingan bolalar soni 270 nafarni tashkil qiladi. Ularga 14 nafar tor doiradagi shifokor, 32 nafar o‘rta tibbiyot xodimi, qolaversa, 92 nafar tarbiyachi xizmat ko‘rsatmoqda. Muassasa moddiy-texnik imkoniyatlarini yaxshilash maqsadida 2020 yilda 15 milliard so‘mdan oshiqroq, joriy yilda esa 14 milliard 214 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Ayni kunda ikki qavatli maskanni obodonlashtirish, atrofini ko‘kalamzorlashtirish, bu yerdagi bolalarga zarur shart-sharoitni yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.


Viloyat rahabari tomonidan “Prezident sovg‘asi” “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan bolalar internat uyi tarbiyalanuvchilariga tarqatildi. Qorbobo va Qorqiz, turli ertak qahramonlari ishtirokidagi tomoshalar, baxtli bolalik, go‘zal diyorimiz madh etilgan qo‘shiqlar, sho‘x kuylar bolalarga bir olam zavq bag‘ishladi.

Viloyat rahbarining xuddi shunday Yangi yil yo‘qlovi viloyat “Bolalar uyi”da ham davom etdi. Hozirda bu muassasada tarbiyalanayotgan 50 nafar jajji o‘g‘il-qizga bayram sovg‘alari ulashilgani murg‘ak ko‘ngillarga zavq-shavq ulashdi. Botir Zaripov yurtimizda yosh avlod ta’lim-tarbiyasi yo‘lida olib borilayotgan islohotlar, ular uchun yaratib berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar haqida to‘xtalib, muassasa mehnat jamoasiga o‘z minnatdorligini bildirdi.

“Bolalar uyi” faoliyatiga hademay 30 yil to‘ladi. 1,5 gektar maydonni egallagan muassasa 75 o‘ringa mo‘ljallangan. Chaqalog‘ligidan boshlab 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar 6 ta guruhda qabul qilinadi. Bunda jami 120 nafar mas’ul xodim, 3 nafar shifokor, 12 nafar hamshira, 54 nafar tarbiyachi bolajonlar parvarishi, ta’lim-tarbiyasiga kamarbasta. Davlatimiz e’tiboridagi mazkur maskanni risoladagidek saqlash va xizmatlarni takomillashtirishga 2020 yilda 3 milliard 278 million so‘m, 2021 yilda esa 3 milliard 584 million so‘m mablag‘ ajratilgan.

Shu kuni viloyat hokimi Botir Zaripov Buxoro shahridagi “Sheyxon” mahallasidagi yashash uyida oilaviy bolalar uyini tashkil etgan Jo‘rayevlar xonadonida ham bo‘ldi. Viloyatimizda ilk marotaba opa-uka Zarnigor Sadirova hamda Hakim Jo‘rayevlar oilasi 32-sonli “Mehribonlik uyi”dan 6 nafar o‘g‘il-qizni o‘z tarbiyasiga olib, “Oilaviy bolalar uyi” faoliyatini yo‘lga qo‘ygan edi. Yurtimizda sabr-matonati, hayotiy tamoyili, qarashlari, turmush tarzi bilan boshqalarga ibrat bo‘lib kelayotgan oilalarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratilayotgani tufayli yuqoridagi oilaviy bolalar uyi ochilgan.  

Jo‘rayevlar oilasi uch farzandi — Hadichabonu, Sumaya va Sohibjahon bilan birga 6 nafar bolani asrab olgan va ularni ham o‘z nuridiydalari qatorida oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazmoqda.  
Viloyat rahbaridan “Prezident sovg‘asi”ni qabul qilib olgan bolalarning quvonchini so‘z bilan ifodalash mushkul. Muhimi, ular davlatimiz e’tibori va g‘amxo‘rligi ostida ekanliklarini teran his etib turibdi.

E’tiborlisi, viloyatning barcha shahar va tumanida ota-ona qarovisiz qolgan va ijtimoiy muhofazaga olingan jami 600 ga yaqin o‘g‘il-qizga, ota-onalari Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan 3-15 yoshdagi bolalar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlariga mahalliy hokimlik, Xalq ta’limi bo‘limlari xodimlari, sektor rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari tomonidan “Prezident sovg‘asi” manzilli yetkazildi. Yangi yil tadbirlarida o‘ksik qalblarni xushnud etish, bolajonlarning har qachongidan xursand, unutilmas taassurotlar bilan bayramni nishonlashi uchun barcha sharoit yaratilmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA