Bo‘ka tumanida Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatov, viloyat sektor rahbarlari, Yoshlar ishlari agentligi viloyati boshqarmasi hudud yoshlari bilan uchrashdi.
Tadbirda yoshlarning muammolari tinglandi. Jumladan, bandlik, kredit, yer ajratish, ichimlik suv, tabiiy gaz, yo‘l kabi murojaatlar o‘z joyida soha mutaxassislariga yo‘naltirildi.
Jumladan, suhbat davomida O‘rol Shukurulloyev o‘zi yashayotgan mahalla hududida tashlandiq yerga yengil konstruksiyali ovqatlanish shoxobchasini qurish, shu orqali ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlash uchun ruxsat berilishini so‘radi. Mutasaddilar tomonidan ushbu masalaga tizimli ravishda ko‘riladigan bo‘ldi.

Tadbir yakunida viloyat hokimi faol yoshlarga esdalik sovg‘alarini taqdim etdi.
- Men bugun tumanimizning faol yoshlari orasida hokim sovg‘asini olganimdan juda xursandman, - deydi Yoshlar ishlari agentligi viloyat sardori Dilshoda Mansurova. - Viloyatimiz yoshlari bilan Respublika yoshlari orasida eng namunaviysi bo‘lishga harakat qilamiz. Tengdoshlarimiz ko‘rsatayotgan faollik barchani xursand qildi. Bildirilgan bir qator takliflar ijobiy hal etiladigan bo‘ldi.
O‘zA