Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Viloyat hokimi: “Barcha amallar niyatga qarab bo‘ladi”
11:18 / 2021-08-09

Buxoroda mustaqilligimizning o‘ttiz yilligi munosabati bilan “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik” shiori ostida uch avlod uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimi nuroniylar, o‘rta va yosh avlod vakillarini yurtimiz hayotidagi qutlug‘ sana – Mustaqilligimizning 30 yilligi bayrami bilan tabrikladi.  

–Bugun yurtimizda Mustaqillik, ayniqsa, Yangi O‘zbekistonning ilk rivojlanish yillarida erishgan yutuqlarimiz ko‘lamini his etish uchun biroz tarixga boqib, “kim edigu kim bo‘ldik”, degan hayotiy haqiqatni o‘z ongu shuurimizda tadqiq etishimiz lozim, – dedi Botir Zaripov. — Buni bizdan ham ko‘ra ko‘proq davramiz fayzi bo‘lib turgan katta avlod vakillari yaxshi biladi. O‘rta avlod vakillari esa bevosita ana shu tub bunyodkorlik jarayonlarida bevosita ishtirok etmoqda. Yoshlarning bugungi dadil odimlari esa bugungi rivojlanish pillapoyalarining munosib davom ettirilishiga ishonch uyg‘otadi. Ha, Yangi O‘zbekiston solnomasining dastlabki besh yili bevosita viloyatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotida ham zarhal harflar bilan bitishga arzigulik davr bo‘ldi, desak yanglishmaymiz.

Yangi O‘zbekistonni qurishning birinchi kunidan davlat rahbari tomonidan “Xalq davlatga emas, davlat xalqqa xizmat qiladi”, degan tamoyil siyosatning eng ustuvor vazifasi sifatida belgilandi. Birgina misol. Ilgari “Obod qishloq” yoki “Obod mahalla” degan tushunchalarni tasavvurimizga sig‘dira olarmidik ? bugungi kunda so‘nggi uch yilning o‘zida viloyatda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida olib borilgan ishlar natijasida 65 ta qishloq qiyofasi tubdan o‘zgardi. Ushbu hududlarda yangi guzarlar, maktab va bog‘chalar, oilaviy poliklinikalar, sport maydonchalari bunyod etildi.

“Obod markaz” dasturi doirasida esa barcha tuman va shahar markazlari odamlarimiz uchun qulay va zamonaviy ko‘rinishga keltirildi. Tumanlar markazlari, Buxoro va Kogon shaharlarida 300 dan ortiq 5 va 7 qavatli uy-joylar qad rostladi hamda qishloq aholisi uchun 4 ming 112 ta namunaviy shinam va arzon uylar bunyod etilishi evaziga qariyb 80 mingga yaqin fuqarolarimiz zamonaviy, barcha qulayliklarga ega xonadonlar sohibiga aylandi, shundan 1 ming 310 ta kvartiralar kam ta’minlangan va himoyaga muhtoj aholiga berildi.

Ta’kidlanganidek, viloyat aholisini ko‘p yillardan beri qiynab kelgan muammolardan biri aholini toza ichimlik suv bilan ta’minlash masalasi edi. O‘tgan besh yilda toza ichimlik suvi bilan qo‘shimcha 300 ming aholi ta’minlanib, qamrov 55 foizga yetkazildi. Bu borada nafaqat byudjet, balki xalqaro moliya institutlari mablag‘lari ham jalb qilinib, muammoni hal qilish choralari ko‘rilmoqda. Viloyatning eng olis hududlari bo‘lgan Olot va Qorako‘l tumanlari to‘liq ichimlik suv bilan ta’minlandi.

Buxoro viloyatining tashrif qog‘ozi hisoblanadigan “Yetti pir” ziyoratgohlari ham to‘liq qayta ta’mirlanib, ularga olib boradigan 50 kilometr yo‘llar rekonstruksiya qilindi. Buning natijasida ushbu qadamjolarni ziyorat qilish imkoniyatlari 2,5 barobarga oshdi. Har bir xalqning taraqqiyot mezoni shubhasiz uning ta’limga bo‘lgan e’tibori bilan belgilanadi. Bu borada maktabgacha ta’lim sohasida boshlangan o‘zgarishlar bog‘cha yoshidagi bolalar qamrovini 30 foizdan 63 foizga yetkazish, qo‘shimcha 53 mingdan ziyod bolalarning ilk ta’limini bog‘chada olish imkonini berdi.  

Umumta’lim sohasida olib borayotgan ishlarimiz ham o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. Maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichi bo‘yicha Buxoro viloyati Respublikada yetakchiga (bitiruvchilarning 28 foizi) aylangan.

Joriy yilda Buxoro viloyatida 2 ta maxsus maktab – Buxoro shahrida “Prezident maktabi” va Qorako‘l tumanida “Xalqaro matematika maktabi” iqtidorli o‘quvchilar uchun o‘z eshigini ochdi. Endi ushbu maskanlarda 650 nafar bolalarimiz uchun sifatli va eng zamonaviy bilimlarni olish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Oliy ta’lim yo‘nalishida Buxoro davlat tibbiyot institutining o‘quv binosi, yotoqxona, klinika hamda simuliatsion markazini o‘zida jamlagan Kampusi barpo etilmoqda. Buxoro davlat universiteti huzurida Pedagogika instituti hamda oliy ta’lim muassasalarida zamonaviy ixtisosliklar bo‘yicha yangi fakultetlar tashkil etildi. Bu ishlar natijasida qabul kvotalari 3 barobarga oshib, 2016 yildagi 3 ming 500 o‘rindan 10 ming 300 o‘ringa yetkazildi.

O‘tgan yillar davomida aholini sog‘lom turmush tarziga o‘rgatish, ular bilan tibbiy profilaktik ishlarni rivojlantirish masalalari ham davlatimiz rahbarining alohida diqqat markazida bo‘lib turibdi. Tibbiy patronaj qamrovi 40 foizga yaxshilanib, 28 ta oilaviy poliklinika va 39 ta qishloq vrachlik punktlari ishga tushdi.  

Umuman o‘tgan besh yilda jami 53 ta tibbiyot, 118 ta maktabgacha ta’lim, 88 ta maktab, 7 ta kasb-hunar va 10 ta sport ob’ektlari yangidan qurilib, rekonstruksiya va mukammal ta’mirdan chiqarildi. Ushbu ishlarga davlat byudjetidan 1,1 trillion so‘m yo‘naltirildi.

Yaqin-yaqingacha viloyatning agrar hudud ekanligi allaqanday istihola bilan tilga olinardi. Ammo so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar shuni ko‘rsatdiki, oqilona boshqaruv, zamonaviy texnologiyalar va omilkor yondashuv tufayli ushbu sohada ham yuksak natijalarni qo‘lga kiritish mumkin ekan. Xususan, paxtachilik va g‘allachilikda zamonaviy boshqaruv tizimidagi 16 ta klaster korxonalari tashkil etildi. Klasterlar tomonidan jami 350 million dollarlik 24 ta loyiha ishga tushirilib, 11 mingga yaqin yangi doimiy ish o‘rinlari yaratildi.

G‘alladan bo‘shagan yerlarni ham yangi yondashuv asosida kam ta’minlangan aholiga takroriy ekin ekish uchun bo‘lib berish amaliyoti joriy etilgani esa kam ta’minlangan oilalarni qo‘shimcha daromad manbai bilan ta’minlashda muhim omil bo‘ldi.  

Shuningdek, Romitan, Peshko‘, Buxoro, Jondor va Kogon tumanlarida “Buxoro-agro” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilib, qariyb 1 ming gektar maydonda issiqxonalar tashkil qilindi va 4,4 ming nafar aholi ish bilan ta’minlandi.

Sanoat ishlab chiqarishi ushbu davrda 14 foizga o‘sdi. Ayniqsa soha asosiy drayverlari hisoblangan to‘qimachilik, neftgaz va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash yo‘nalishlari keskin yuksaldi.

Birgina misol. Respublikadagi ilk klaster – “BCT cluster” tomonidan qiymati 65 million AQSH dollarilik loyiha ishga tushirilib, 8 ming gektar maydonda 24 ming tonna paxta xomashyosini yetishtirish va uni to‘liq qayta ishlash yo‘lga qo‘yildi. Ushbu klaster jami 4,5 ming ta aholini ish bilan ta’minladi.

Shuningdek, tekstil yo‘nalishidagi “Parvoz Humo Ravnaq trans”, Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan yurak uchun stend ishlab chiqaruvchi “Tibtexnika” MCHJ, “Buxoro gipsum” korxonasi, mototsikllar ishlab chiqarayotgan “Real moto” MCHJ kabi yirik korxonalarni ham bugun ilg‘orlar safida tilga olish joiz.

O‘tgan davr mobaynida viloyatda jami maydoni 366 gektarga teng “G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasi va jami maydoni 100 gektar bo‘lgan 28 ta kichik sanoat zonalari tashkil qilinib, 96 ta loyiha to‘liq ishga tushirildi. Qiymati 121 million AQSH dollarilik 160 ta loyihada ishlar izchillik bilan davom ettirilmoqda.

Viloyatda so‘nggi besh yil turizm yo‘nalishi uchun katta o‘zgarish va islohotlar davri bo‘ldi va yuzga yaqin mamlakatdan keladigan turistlarga vizasiz tartib joriy etildi. Viloyatda mehmonxona va boshqa joylashtirish vositalari soni 5 baravarga oshib, bugungi kunda 391 tani, ulardagi o‘rinlar soni – 9,5 ming tani tashkil etmoqda.

O‘tgan besh yilda viloyat iqtisodiyoti 1,2 barobarga o‘sdi, jami 245 ming nafar yangi ish o‘rinlari yaratildi, o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi – 73,8 yoshdan 75,1 yoshga yetdi. Yangi O‘zbekiston viloyatimiz hududida istiqomat qilayotgan 40 dan ortiq millat va elat vakillariga tinch-totuv umrguzaronlik qilish, o‘z iqtidorlarini jamiyat rivoji yo‘lida safarbar qilish imkonini ham berdi. Qardosh millatlar vakillarining qo‘shni mamlakatlarda yashovchi qarindoshlari bilan aloqalarini tiklash uchun chegaralar ochildi.

Zamon shiddat bilan o‘zgarib, vaqtning qadri ortib boryapti. Zero, Imom Buxoriy bobomiz o‘z kitoblarida keltirgan muborak hadisda aytilganidek, “Barcha amallar niyatga qarab bo‘ladi”. Darhaqiqat, pok niyatlar bilan boshlangan xayrli ishlar, albatta ijobat bo‘ladi. Bu sa’y-harakat yagona, ulug‘ bir maqsadga qaratilgan. U ham bo‘lsa, xalqimizni rozi va og‘irini yengil qilishdir.  

“Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik” shiori ostida bo‘lib o‘tgan uch avlod uchrashuvida taniqli san’at ustalari, xushovoz xonandalar konsert dasturi, sho‘x kuy-qo‘shiqlar davraga fayz, barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.  

[gallery-3340]

Zarif Komilov, Tohir Istatov (surat), O‘zA