Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov rahbarligida yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, soliq va bojxona ma’murchiligi samaradorligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Muhokama davomida ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy tahlil qilinib, hisobot va amaliyot o‘rtasidagi farqlarga alohida e’tibor qaratildi.

Yig‘ilishda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, soliq hamda bojxona organlari tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi. Ma’lum qilindiki, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish hisobiga byudjetga qo‘shimcha 700 mlrd so‘m tushirish rejalashtirilgan bo‘lib, ayni paytga qadar xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan 750 mlrd so‘mdan ortiq qo‘shimcha mablag‘lar qayta hisobot qilingan. Natijada byudjetga 709,7 mlrd so‘m mablag‘ undirilgan.

Shu bilan birga, viloyatning ayrim hududlarida ushbu yo‘nalishdagi ishlar talab darajasida emasligi qayd etildi. Xususan, undiruv ko‘rsatkichlari past bo‘lgan tumanlar, ish haqini “konvert” usulida to‘lash holatlari, norasmiy bandlik hamda aylanma soliq to‘lovchilari bilan ishlashdagi kamchiliklar tanqid ostiga olindi.

Muhokama jarayonida faoliyat yuritib kelayotgan, biroq soliq organlari ma’lumotlar bazasida faoliyatsiz deb qayd etilgan fermer va klaster xo‘jaliklari masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Yer maydonlaridan daromad olinayotgan bo‘lsa-da, soliq majburiyatlari to‘liq bajarilmayotgan holatlar keskin tanqid qilindi.

Viloyat rahbari bu holatlarni hisobot bilan amaliyot o‘rtasidagi jiddiy uzilish sifatida baholadi. Uning ta’kidlashicha, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash faqat raqamlar va formal hisobotlar bilan cheklanib qolmasligi, har bir hududda real nazorat va tahlilga asoslangan yondashuv joriy etilishi lozim.
— Har bir gektar yer, har bir ishchi kuchi va har bir so‘m daromad hisobda bo‘lishi shart. Bu borada mas’ul idoralar hamda hudud rahbarlarining javobgarligi kuchaytiriladi, — dedi Erkinjon Turdimov.
Yig‘ilish yakunida mas’ul tashkilotlarga soliq bazalarini to‘liq qayta tiklash, hisoblanmay qolgan soliqlarni qayta hisoblash, soliq qarzdorliklarini so‘zsiz undirish hamda ushbu masalada tuman va shahar rahbarlarining shaxsiy javobgarligini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar yuklatildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri