Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Viloyat eksport salohiyati yuksalmoqda
18:12 / 2015-11-11

Buxoroda “Mintaqalarning eksport salohiyatini yanada diversifikatsiya qilishni qo‘llab-quvvatlash: amaliyot va muammolar” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Buxoroda “Mintaqalarning eksport salohiyatini yanada diversifikatsiya qilishni qo‘llab-quvvatlash: amaliyot va muammolar” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari, Tashqi siyosat masalalari qo‘mitalari hamda viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda viloyatdan saylangan senatorlar, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, tadbirkorlik subyektlari rahbarlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar mutasaddilari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi F.Umarov, viloyat prokurori M.Azimov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida ishlab chiqarishni rivojlantirish, tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilish asosida eksportga yo‘naltiriladigan raqobatdosh mahsulotlarni ko‘paytirish, eksportchi subyektlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda joriy yil 20-avgustda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Anjumanda viloyat sanoat korxonalarining eksport salohiyati tobora ortib borayotgani qayd etildi.Masalan, o‘tgan yili ular tomonidan 376,2 million dollarlik mahsulot va xizmatlar eksport qilindi. Bu 2013-yilga nisbatan qariyb 23 million dollarga ko‘pdir. Xorijiy bozorda o‘z o‘rniga ega bo‘layotgan hududiy korxonalar soni ham keyingi to‘rt yilda ko‘payib, 70 taga yetdi. Ular tomonidan o‘tgan yili 67,5 million dollar miqdorida mahsulot eksport qilingan bo‘lsa, joriy yilning to‘qqiz oyida bu ko‘rsatkich 90,2 million dollarni tashkil etgan.

Diversifikatsiya siyosati izchil amalga oshirilayotgani xorijga chiqarilayotgan tovarlar tarkibi o‘zgarib borayotganida ham namoyon bo‘lmoqda. Agar jami eksport salmog‘ida paxta tolasining ulushi 2004-yilda 87,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2014-yilda bu ko‘rsatkich boshqa mahsulot va xizmatlar hisobiga keskin kamayib, 44,6 foiz bo‘lgan.
Korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash orqali raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirishda tijorat banklarining moliyaviy ko‘magi muhim omil bo‘lmoqda. Joriy yilda ular tomonidan sanoat korxonalariga qariyb 130 milliard so‘mlik kredit ajratilgan.

Viloyatda eksport tarkibini yanada diversifikatsiyalash va qo‘shilgan qiymat darajasi yuqori bo‘lgan tovarlar ulushini oshirish dasturi ishlab chiqilgan.

– Joriy yilning o‘tgan davrida 1,5 million dollarlik ip-kalava eksport qildik, – deydi Buxoro shahridagi “Ark Eko tekstil” korxonasi rahbari Sobir Xudoyberdiyev. – Soliq va bojxona qonunchiligida ko‘zda tutilgan imtiyozlar tufayli mablag‘larimiz ko‘paymoqda. Ayni paytda diversifikatsiyalash hisobiga ip-kalavaning bir qismini qayta ishlash va undan tayyor mahsulot – mato ishlab chiqarish choralari ko‘rilmoqda.

Viloyatda kelgusi yilda meva-sabzavot va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilishni ko‘paytirish choralari ko‘rilayotir.

Anjumanda yechimini kutayotgan dolzarb masalalar ham jiddiy muhokama qilindi. Mahalliy hokimliklar mintaqalarning mavjud iqtisodiy-investitsiyaviy salohiyatidan to‘laqonli foydalanish orqali xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni tashkil etish, mineral resurslar va xomashyo negizida yangi loyihalarni amalga oshirish borasida sustkashlik qilayotgani tanqid qilindi.

Sanoat korxonalarini keng miqyosda modernizatsiya qilish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari eksport salohiyatini oshirish, ishlab chiqarishga zamonaviy ilmiy yutuqlar va ilg‘or innovatsion texnologiyalarni tatbiq etishni kengaytirish bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan fikr almashildi.

Tadbirda Buxoro viloyati hokimi M.Esonov so‘zga chiqdi.