Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Viloyat bosqichi g‘oliblari taqdirlanishdi
18:04 / 2025-12-11

Ayollarning jamiyat hayotidagi o‘rni, ularning ijtimoiy faolligi va kasbiy yutuqlarini e’tirof etishga qaratilgan “Yil ayoli” milliy tanlovining Sirdaryo viloyati bosqichi g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir Guliston shahridagi viloyat musiqali drama teatrida yuksak, ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi.

Joriy yilda tanlovda ishtirok etish istagini bildirganlar soni o‘tgan yillarga nisbatan ancha ortdi. Oktyabr oyida viloyatning 11 ta tuman va shahrida o‘tkazilgan dastlabki bosqichlarda 500 nafarga yaqin faol xotin-qiz qatnashdi. Saralash natijalariga ko‘ra, tuman va shahar bosqichlari g‘olibi bo‘lgan 55 nafar ishtirokchining hujjatlari viloyat bosqichiga taqdim etildi.

Tanlovning hududiy — Sirdaryo viloyati bosqichi joriy yilning 11 noyabr kuni Oila va xotin-qizlar boshqarmasida o‘tkazildi. Unda ishtirokchilar tanlov Nizomiga muvofiq uchta shart asosida o‘z faoliyati va erishgan yutuqlari yuzasidan taqdimotlarini namoyish etdilar. Tashkiliy qo‘mita xulosasiga binoan, 11 ta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, ular respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdilar.

Jumladan, “Yilning eng vatanparvar ayoli” nominatsiyasida Yangiyer shahri IIB JXX XPB xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori, podpolkovnik Yulduz Qodirova g‘olib, deb topildi. “Yilning eng faol olima ayoli” nominatsiyasi Guliston pedagogika instituti katta o‘qituvchisi Muborak Berdiyevaga nasib etdi. Sardoba tumani tadbirkori Dilbar Qaynarova esa “Yilning eng ilg‘or tadbirkor ayoli” sifatida e’tirof etildi.

Shuningdek, “Yilning eng yaxshi ijodkor ayoli” nominatsiyasida Guliston olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazining ona tili va adabiyot fani oliy toifali o‘qituvchisi Shahzoda Abdurashidova, “O‘z kasbining ustasi bo‘lgan yil ayoli” nominatsiyasida gulistonlik dizayner Dilrabo Eminjanova, “Yilning eng kuchli ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibotchisi” nominatsiyasida Guliston davlat universiteti Pedagogika va psixologiya kafedrasi dotsenti Shoira Fayziyeva g‘olib bo‘ldi.

Boyovut tumanidan Barno Mirzayeva “Yilning eng yaxshi uy bekasi”, shuningdek, Boyovut tumani MMTBga qarashli 3-umumiy o‘rta ta’lim maktabining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Jamila Usmonova “Yilning eng jonkuyar ustozi” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish yo‘nalishida Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi huzuridagi Salomatlik va strategik rivojlanish instituti hududiy bo‘limi boshlig‘i, O‘zbekiston hamshiralar assotsiatsiyasining Sirdaryo viloyati bo‘limi raisi Tojixon G‘afforova, “Yilning eng yangi g‘oyalar tashabbuskori” nominatsiyasida Guliston davlat pedagogika institutining “Boshlang‘ich ta’lim metodikasi” kafedrasi katta o‘qituvchisi (PhD) Dildora Utanbayeva, IT sohasida esa Oqoltin tumani 2-sonli maktab dasturchisi Sayyora Miltiqboyeva munosib deb topildi.

Tadbir yakunida g‘oliblar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi. Endi ular “Yil ayoli” milliy tanlovining respublika bosqichida Sirdaryo viloyati sharafini himoya qiladilar.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri