English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Viktor Pak: O‘zbek-koreys xalqlari o‘rtasida hamisha do‘stona munosabatlar rivojlangan
17:27 / 2023-11-14

Bugungi kunda O‘zbekistonda 174 ming nafar koreys millatiga mansub fuqarolar yashaydi. Ularning farzand tarbiyalash, ota-onaga g‘amxo‘rlik qilish, oilaviy udumlarni qadrlash borasidagi urf-odatlari o‘zbek qadriyatlariga o‘xshab ketadi.

Yurtimizda o‘tkazilayotgan “Bag‘rikenglik haftaligi” doirasida O‘zbekiston koreys madaniyat markazlari assotsiatsiyasi raisi Viktor Pak bilan ushbu millat vakillarining qiziqishlari hamda koreys madaniyat markazlarida olib borilayotgan ishlar xususida suhbatlashdik.  

— Ayting-chi, bugungi kunda koreys madaniyat markazida qancha a’zo bor? Ular nima bilan band?  

—Markazimizda bugungi kunda 2 ming 250 nafar a’zo bor. Ular asosan o‘z ona tili, ya’ni koreys tilini puxta o‘rganish, koreys milliy urf-odatlari, an’analari, koreys tilidagi qo‘shiqlarni ijro etish, ularni o‘sib kelayotgan koreys va turli millatdagi yosh avlodga o‘rgatish bilan shug‘ullanadi.  

—Davlatimiz tomonidan koreys millatiga mansub fuqarolarga qanday sharoitlar yaratib berilyapti?  

—Munosabatlar xaqida aytsam, bizda o‘zbek-koreys xalqlari o‘rtasida hamisha do‘stona munosabatlar rivojlanmoqda. Koreys yoshlari  O‘zbekistonda koreys tilini o‘rganishi uchun bir necha to‘garaklar mavjud. Shuningdek, turli sohalarda bilim olishlari uchun oliygohlar ham ochilgan. Masalan, Toshkentda Puchon universiteti, Inha universiteti, Toshkent xalqaro kimyo universiteti (Yodju universiteti), Sejong instituti, Farg‘onada esa O‘zbek-Koreys xalqaro universiteti ochilgan. Shuningdek,  Koreya Respublikasi bilan hamkorlikda har xil memorandumlar imzolangan. Ya’ni, turli xil – tibbiyot, qurilish, muhandislik, sport, madaniyat sohalarida hamkorlik olib borilmoqda.  

Har yili markazimizda koreys milliy bayramlari, ya’ni Chusok (hosil bayrami), Tano, Solal (sharq taqvimi kalendari bo‘yicha yangi yilning kirib kelishi) nishonlab kelinadi. Davlatimiz milliy bayramlarida turli milliy madaniyat markazlari bilan birgalikda konsert dasturlari uyushtiriladi.    

— Ayrim mamlakatlarda o‘zga millat vakillarining ishga joylashishi, turar joy bilan ta’minlanishi masalasida muammolar bo‘ladi. Bu borada sizlarda muammo yoki kamchiliklar yo‘qmi?  

—Bizda bu borada muammo yo‘q. O‘zbekistonda koreys millati vakillarini turli sohalardagi mehnat faoliyatida uchratishingiz mumkin. Ular orasida Senat a’zolari, vazir o‘rinbosarlari, deputatlar, ilmiy xodimlar, rassomlar, murabbiylar, qo‘shiqchilar bor.  

Koreys xalqi hech qachon ishsiz o‘tirmaydi. Har doim harakatda bo‘ladi. Biror ish topolmasa, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga kirishadi. 

Koreyslar uchun O‘zbekiston 1937 yildan buyon o‘z uyiday hisoblanadi. O‘zbekiston nonini yegan koreys millati vakillari shu yurtga bog‘lanib qolishgan. Shu yerda mehnat qilishadi, yashaydilar. Bu yerdagi koreys xalqi O‘zbekistonni o‘zining Vatani deb hisoblaydi.  

—Koreys milliy kuy-qo‘shiqlari yurtimizda qanchalik darajada targ‘ib qilinadi?  

—Koreys milliy kuy-qo‘shiqlari borasida aytadigan bo‘lsam, bizda bugungi kunda “60+” vokal musiqiy konkurs (unda 60 yoshdan oshgan keksalarimiz o‘zlari yaxshi ko‘rgan koreys milliy xalq ashulalarini tanlab ijro etishadi) va yoshlar orasida Koreya pop musiqasi “K-ROR” musiqiy festivallar o‘tkazib kelinadi.  

— Oilaviy qadriyatlarni asrashda koreyslarning qaysi jihatlari o‘zbeklarnikiga o‘xshaydi?  

—Koreyslarda o‘zbek xalqiga o‘xshab oilalar birgalikda, hamjixatlikda yashashga harakat qilishadi. Masalan, bitta oilada yoshi keksalar, ya’ni bobo-buvisi, ota-onasi, o‘g‘il-kelinlari, nevaralari hammasi birgalikda yashashga odatlangan.  

O‘zA muxbiri

Nigora Rahmonova suhbatlashdi