Bugungi kunda O‘zbekistonda 180 ming nafardan ortiq koreys millatiga mansub fuqaro yashaydi. Ularning farzand tarbiyalash, ota-onaga g‘amxo‘rlik qilish, oilaviy udumlarni qadrlash borasidagi urf-odatlari o‘zbek qadriyatlariga o‘xshab ketadi.
O‘zbekistonda koreys millati vakillarini turli sohalardagi mehnat faoliyatida uchratish mumkin. Ular orasida Senat a’zolari, vazir o‘rinbosarlari, deputatlar, ilmiy xodimlar, rassomlar, murabbiylar bor.
— Koreyslar uchun O‘zbekiston 1937 yildan buyon o‘z uyiday hisoblanadi, – deydi O‘zbekiston koreys madaniyat markazlari assotsiatsiyasi raisi, Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati Viktor Nikolayevich Pak. — 1937 yil sobiq sovet davrida koreyslarni poyezdga yuklab, O‘zbekistonga olib kelishgan. U zamonlarda o‘zbek xalqi ham boy yashamagan, ammo koreyslarni o‘z oilasiga qabul qilib, bir burda nonini ular bilan bo‘lishib yeb, birgalikda yashagan.
Ota-bobolarim yoshligimda o‘zbek xalqining yaxshiligini hech qachon unutmasligimni ko‘p bora eslatishgan. O‘zbekiston nonini yegan koreys millati vakillari shu yurtga bog‘lanib qolishgan. Shu yerda mehnat qilishadi, yashaydilar.
Shaxsan meni o‘zbek xalqiga hurmatim cheksiz. Sababi bolalik xotiralarim o‘zbek oilasi bilan bog‘liq. Taqdir taqozosi sabab ota-onam ajralishgach, ikki oylik chaqaloq paytimda buvimning qo‘lida qolganman. Ona sutidan mahrum bo‘lgach, o‘lim yoqasiga yetib qolgan chaqaloqning hayotini To‘xtaxon ismli qo‘shni ayol ko‘krak sutini berib boqib, saqlab qoladi. Meni koreys ayoli dunyoga keltirgan, o‘zbek ayoli esa ona suti bilan boqqan. To‘xtaxon ayani men o‘zbek onam, deb, chaqirardim. Uning farzandlari bilan aka-ukadek katta bo‘lganmiz. Hozir ham bordi-keldimiz juda yaxshi.
O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, uncha-muncha ayol o‘z farzandining rizqini qirqib, begona millatning bolasini ona suti bilan boqmaydi. Bunday jasorat faqat o‘zbek onalarininggina qo‘lidan keladi.
Aytib o‘tish joizki, o‘zbek-koreys xalqlari o‘rtasida do‘stona munosabatlar hamisha rivojlanib kelgan. Koreys yoshlari O‘zbekistonda koreys tilini o‘rganishi uchun bir necha to‘garaklar mavjud. Shuningdek, turli sohalarda bilim olishlari uchun oliygohlar ochilgan. Masalan, Toshkentda Puchon universiteti, Inha universiteti, Toshkent xalqaro kimyo universiteti (Yodju universiteti), Sejong instituti, Farg‘onada esa O‘zbek — Koreys xalqaro universiteti ochilgan. Shuningdek, Koreya Respublikasi bilan hamkorlikda har xil memorandumlar imzolangan. Ya’ni, turli xil – tibbiyot, qurilish, muhandislik, sport, madaniyat sohalarida hamkorlik olib borilmoqda.
— Oilaviy qadriyatlarni asrashda koreyslarning ko‘plab jihatlari o‘zbeklarnikiga o‘xshaydi, – deydi Mirzo Ulug‘bek tumani koreys madaniyat markazi rahbari o‘rinbosari Irina Tursunboyeva. – O‘zim ham o‘zbek oilasiga kelin bo‘lganman. Turmush o‘rtog‘im o‘zbek.
Koreyslar ham o‘zbek xalqiga o‘xshab oilalar birgalikda, hamjihatlikda yashashga harakat qilishadi. Masalan, bitta oilada yoshi keksalar, ya’ni bobo-buvisi, ota-onasi, o‘g‘il-kelinlari, nevaralari hammasi birgalikda yashashga odatlangan. Men ham o‘g‘lim, kelin va nabiralarim bilan birga bitta uyda yashayman. Qaynonam ya’ni Sanobar onam kelin bo‘lib borgan kunimdanoq meni yaxshi qabul qilgan. Bir-birimizni hurmat qilamiz, ardoqlaymiz.
Koreys xalqi hech qachon ishsiz o‘tirmaydi. O‘zbeklar kabi har doim harakatda bo‘ladi. O‘zbek-koreys xalqi o‘rtasidagi do‘stona munosabat hamisha go‘zal va abadiy bo‘lishiga ishonamiz.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/BHQSbuL0U50" title="Viktor Pak: Bu yerdagi koreys xalqi Oʻzbekistonni oʻzining Vatani deb hisoblaydi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
N.Rahmonova, A.Sodiqov, A. Ahmedov (video)O‘zA