Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Floridada AQSH sobiq Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashgandan so‘ng, o‘z davlati teleradiokompaniyasiga intervyu berdi. Uning fikriga ko‘ra, Trampning Ukrainadagi urushga nisbatan aniq qarashi bor va Kiyevga bir tiyin ham bermaydi.
Orban Rossiya – Ukraina ziddiyatini bartaraf etish bo‘yicha tinchlik muzokarasi o‘tkazishga chaqirib keladi. Shuningdek, hokimiyatga qaytishiga umid bildirgan holda, Trampning mojaroni hal qilishda tajribasi asqotishini ham aytgan.
– Amerikaliklar pul bermasa, Kiyevni faqat yevropaliklar moliyalashtira olmaydi, – degan Orban. – Ukraina yolg‘iz “oyoqqa turolmasligi” aniq. Shundan so‘ng jang tugaydi.
Vengriya yetakchisi oktyabr oyida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashib, Yevropa Ittifoqi davlatlari rahbarlarini g‘azablantirgan edi. Ko‘hna qit’aning ushbu davlati Rossiya – Ukraina nizosi kuchaygandan keyin ham Kreml bilan aloqani saqlab kelmoqda. Shuningdek, G‘arbning Moskvaga qarshi sanksiyasiga qarshi.
Yevropa yetakchilari Tramp prezidentlikka kelsa, Ukraina va NATOga yordam kamayib ketishidan xavotirda.