French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vikipediya yoki ChatGPT: qaysi biri afzalroq?
16:23 / 2025-11-27

So‘nggi yillarda dunyo axborot maydoniga sho‘ng‘ib ketgan bir paytda, odamlar endi bilimni kitobdan emas, balki bir zumda ochiladigan raqamli manbalardan izlamoqda. Shu jarayonda ikki loyiha, jumladan, faktlarni tartibga solib, jamlaydigan Vikipediya va ularni izohlaydigan sun’iy intellekt ChatGPT insoniyatning eng ko‘p suyanadigan hamrohlariga aylandi. Bu ikki manba bir-biriga o‘xshashdek tuyulsa-da, biroq kelib chiqishi, ishlash tarzi, maqsadi va kelajakdagi o‘rni bo‘yicha keskin farq qiladi.

Shu o‘rinda avvalo Vikipediya hamda ChatGPT tarixiga nazar solsak:

–Internet ma’lumotlariga ko‘ra, XXI asr boshlarida butun dunyo internet tarmog‘ini ma’lumotlar yig‘masi sifatida endi-endi kashf etayotgan pallada, 2001 yil 15 yanvar kuni erta tongdan tadbirkor Jeyms Uels va faylasuf Larri Sanger tomonidan Vikipediyaga asos solingan, – dedi SMM mutaxassisi Nurmuhammad Fayzulloyev. – Dastlab u Nupediya nomli ko‘proq ekspertlar tomonidan tahrirlanadigan ensiklopediyaga yordamchi loyiha sifatida ko‘rilgan. 

Ammo har kim Vikipediyaga maqola qo‘shishi yoki tahrir qilishi mumkinligi uni favqulodda tez sur’atda ommalashtirdi. Birinchi serverlari AQSHning Florida shtatidagi kichik ofisda joylashgan Vikipediyada dastlabki oylardayoq minglab sahifalar yaratildi. 2002 yilda dasturchi Magnus Manske tomonidan ishlab chiqilgan MediaWiki platformasi loyiha rivojida tub burilish yasadi. Buning natijasida undagi tahrirlar tezlashdi, ma’lumotlarni tartibga solish osonlashdi, matnlarga havola qo‘yish tizimi kengaydi.

Oradan o‘n yil o‘tib, 2011 yilga kelib Vikipediya 270 dan ortiq tilda faoliyat yuritadigan, 20 milliondan ko‘p maqolaga ega umumbashariy bilim omboriga aylandi. Bugun ham u dunyodagi eng katta ochiq ensiklopediya sifatida o‘z mavqeini saqlab kelmoqda. 

Ma’lumki, o‘zbekcha Vikipediya ham aynan Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tashkil qilingan “WikiMarafon” loyihasi sabab bugungi kunda 314 mingdan ziyod maqolaga ega. Undagi tahrirlar soni esa 5,7 milliondan oshgan. Hozirda o‘zbekcha Vikipediyadagi foydalanuvchilar soni 880 nafardan oshib, sahifalar soni 1,1 millionga yetgan. 

Ayni paytda undagi so‘zlar soni 63 milliondan ortgan. Bu orqali jahon reytingidagi o‘rnini yanada mustahkamlab, 62-o‘rindan 39-o‘ringa ko‘tarildi. Hozirga kelib o‘zbekcha Vikipediya Markaziy Osiyo davlatlari Vikipediyasi orasida 1-o‘rinni, turkiy tillar orasida esa 3-o‘rinni egallamoqda.

Oradan ma’lum vaqt o‘tib, 2022 yil noyabr oyida ChatGPT’ning ommaga ochildi. U tabiiy tillarni tushunish va inson bilan muloqot qila olish qobiliyati bilan butun internetni o‘ziga jalb etdi. Bugunga kelib yangilangan ChatGPT-5.1 millionlab o‘quvchilar, dasturchilar, talabalar, shifokorlar, jurnalistlar va tadbirkorlar uchun intellektual yordamchi vazifasini bajarmoqda.

Xo‘sh, ikki loyihaning o‘ziga xos tomonlari nimada?

–Yaqin kelajakda Vikipediyadagi vandallikni sun’iy intellekt yordamida aniqlash yoki maqola sifatini avtomatik baholanish mumkin bo‘ladi. Xuddi shu tarzda ChatGPT ham javoblarini Vikipediya kabi ochiq bilim bazalariga bog‘lash orqali foydalanuvchiga yanada aniqroq ma’lumot taqdim etishi mumkin, –deydi “WikiMarafon” loyihasi rahbari Shohjahon Sobirov. – Ushbu ikki ulkan manbani bir-biriga taqqoslash ularning asl mohiyatini anglashga to‘liq imkon bermaydi. Vikipediya — faktlar ombori, manbalar asosida yaratilgan ochiq ensiklopediya bo‘lib, uning har bir sahifasi tekshiriladi, tahrirlar izohlanadi, ma’lumotlar manbalar bilan boyitiladi. 

Vikipediyadan bosh maqsad faktlarni jamlash, tarixni hujjatlashtirish va ular yuzasidan imkon qadar xolis tasvir berishdir. Uning yana bir afzalligi akademik tan olinishi bo‘lib, ko‘plab universitetlar Vikipediyani boshlang‘ich ma’lumot manbasi sifatida qabul qiladi. 

ChatGPT esa aksincha, faktlarni jamlashni emas, ularni qayta ishlashni, sharhlashni, tushuntirishni maqsad qiladi. Uning kuchi xalqchil til bilan muloqot qilish qobiliyatida. Agar Vikipediya “mana fakt” desa, ChatGPT “bu faktning mohiyati mana bunday” deydi.

Biroq ikkala tizimning ham o‘ziga xos cheklovlari bor. Vikipediya ko‘ngillilar loyihasi bo‘lgani sababli ba’zan noto‘g‘ri tahrirlar kiritilishi, ayrim tillarda maqola sifati past bo‘lishi yoki ma’lum mavzular notekis yoritilishi mumkin. 

ChatGPT esa sun’iy intellekt modeli sifatida ba’zan mavjud bo‘lmagan faktni “to‘qib qo‘yishi”, ya’ni foydalanuvchilarni aldash ehtimoli bor. Shunday bo‘lsa-da, ular bugungi kunda insoniyatning eng faol ishlatiladigan ikki bilim manbai sifatida shakllanib bormoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Vikipediyaga har oy o‘rtacha 3,7 milliard marta tashrif amalga oshirilsa, ChatGPTda esa bir kunda 2,5 milliard so‘rov yuboriladi. 

Kelajak qaysi loyiha qo‘lida?

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, Vikipediya va ChatGPT raqib emas, balki bir-birini to‘ldiradigan tizimlardir. Vikipediya faktlarni jamlashda davom etadi. Chunki bu uning tabiati. ChatGPT esa ana shu faktlar ustida fikr yuritadi, ularni odamlarga tushunarli, mantiqiy va ravon tarzda bayon qiladi. 

Bundan xulosa qilish mumkinki, insoniyatning kelajagi bir loyihaning ikkinchisini ortda qoldirishida emas, balki ikkisining uyg‘unligida bo‘ladi. Biri o‘zida tarixni saqlaydi, ikkinchisi esa uni batafsil tushuntiradi. Biri faktlarni yig‘adi, ikkinchisi ularni ongimizga yaqinlashtiradi. 

Gulnoza Boboyeva, O‘zA