Avval xabar berganimizdek, bu yil O‘zbekiston 40 dan ortiq boshqa mamlakatlar qatori “Viki yodgorliklarni sevadi”( Wiki Loves Monuments, WLM) xalqaro suratlar tanlovida ishtirok etmoqda.
Bu har yili sentyabr-oktyabr oylarida o‘tkaziladigan xalqaro suratlar tanlovidir. Turli mamlakatlar ishtirokchilari tarixiy binolar va diqqatga sazovor joylarni suratga oladi va so‘ngra ularni “Vikiombor”ga yuklaydi. Mazkur tanlov O‘zbekistonda 1 oktyabr kuni start oldi va 31 oktyabrga qadar davom etadi.
Mamlakatimizning tanlovda ishtirok etishdan maqsadi keng jamoatchilik e’tiborini yurtimiz madaniy merosiga jalb etish va turizmni rivojlantirishdan iborat.
Tanlovning respublika bosqichi o‘zbek tilli “Vikimediya” guruhi tomonidan “Vikigid” rus hamjamiyati ishtirokchilari bilan hamkorlikda “Vikimedia” (Wikimedia Foundation) fondi, YUNESKO, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ko‘magida tashkil etildi.
Tanlov shartlari haqidagi batafsil ma’lumotlar bilan quyidagi havolaga o‘tib, tanishishingiz mumkin.
Tanlov g‘oliblari va sovrindorlari “Vikimedia” fondi tomonidan vaucherlar bilan taqdirlanadi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining qimmatbaho sovg‘alariga ega bo‘ladi.
O‘zA