Yurtimizda vijdon erkinligini ta’minlash har doim ustuvor vazifalardan biri bo‘lib kelgan. Bu borada yaqinda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun muhim huquqiy hujjat bo‘ldi. Mazkur qonunda vijdon erkinligi me’yorlari aniq ko‘rsatilgan bo‘lib, fuqarolarning xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmasligini ta’minlaydi. Shuningdek, har qanday dinga zo‘ravonlik bilan kiritishni taqiqlaydi.
Demokratik davlatlar qatorida qonun ustuvorligi tamoyilidan kelib chiqib, O‘zbekistonda ham dinning siyosatga aralashishi hamda dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi qonunda aniq ko‘rsatib o‘tilgan. Qolaversa, qonundan fuqarolarning huquqlarini ro‘yobga chiqarish va jamiyatda tinchlik-totuvlikni ta’minlash, fuqarolarning munosib hayot kechirishi uchun shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan muhim jihatlar o‘rin olgan.
Kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan “Vijdon va e’tiqod erkinligini ta’minlashning huquqiy asoslarini takomillashtirish” mavzusidagi konferensiyada shular xususida so‘z bordi. Konferensiyada yangi tahrirdagi qonun va uni hayotga tatbiq etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Tadbirda so‘z olganlar mazkur qonun turli dinlarga e’tiqod qiluvchi mamlakatimiz fuqarolari o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik va hamjihatlikka asoslangan munosabatlarini saqlab qolish va yanada mustahkamlash, ularning diniy e’tiqod bilan bog‘liq qadriyatlari, urf-odat va an’analari hurmat qilinishi hamda to‘liq ta’minlanishini kafolatlashini qayd etdi. Shuningdek, ko‘p asrlik milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, dunyo ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ajdodlarimizning bebaho merosini o‘rganish, uning asosida yoshlarni komil inson etib tarbiyalash jamiyatda barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhitni ta’minlashning muhim shartlaridan biri ekanligi alohida ta’kidlandi.
Konferensiyada bugungi islohotlar, amalga oshirilayotgan ishlarning barchasi yurt tinchligi, aholi farovonligi uchun xizmat qilayotgani, buning natijasida turli millat va ellat vakillari bir vatanda ahil-inoq hayot kechirayotgani mamnuniyat bilan e’tirof etildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA