Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vijdon erkinligi – tinch, farovon turmush kafolati
15:58 / 2025-06-17

Vijdon erkinligi – har bir insonning e’tiqodi, dini va dunyoqarashini erkin tanlash, o‘zgartirish va amal qilish huquqi bo‘lib, u nafaqat inson huquqlarining asosiy tamoyili, balki jamiyatning ma’naviy barqarorligi, millatlararo totuvligi va diniy bag‘rikengligini ta’minlashning muhim sharti sifatida ko‘riladi.

Demokratik jamiyat qurish yo‘lidan borayotgan Yangi O‘zbekiston uchun vijdon erkinligini ta’minlash ustuvor vazifalardan biridir.  Mamlakatimiz vijdon erkinligi sohasida qator xalqaro shartnoma va konvensiyalarga qo‘shilgan. Xususan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt va boshqa hujjatlar O‘zbekistonning vijdon erkinligini ta’minlash bo‘yicha xalqaro majburiyatlarini belgilaydi. Shunga muvofiq milliy qonunchiligimiz va normativ-huquqiy hujjatlar vijdon erkinligini kafolatlash, diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash va konfessiyalararo totuvlikni ta’minlashga qaratilgan. Bosh Qomusimiz va boshqa qonunchilik hujjatlarida vijdon erkinligi qat’iy himoya qilinib, inson huquqlarining muhim kafolati sifatida e’tirof etiladi. 

Yangilangan Konstitutsiyamizning 35-моддасида har kim uchun vijdon erkinligi kafolatlanishi belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra, har bir inson xohlagan diniga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu qoida vijdon erkinligining asosiy prinsipini aks ettirib, O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo totuvlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

O‘zbekistonda vijdon erkinligini ta’minlovchi bir qator qonunlar va normativ-huquqiy hujjatlar mavjud. Mamlakatimizda 2021 yil qabul qilingan yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi, joriy yil 25 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonunlari sohadagi munosabatlarni tartibga soladigan muhim hujjat vazifasini o‘tamoqda. Qonun diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini, ularning huquq va majburiyatlarini belgilaydi. Shuningdek, diniy ta’lim olish, diniy adabiyotlarni nashr etish va tarqatish kabi masalalarni tartibga soladi.

Milliy qonunchiligimizda davlat dindan ajratilgan. Davlat diniy tashkilotlarning ichki ishlariga aralashmaydi va ularning qonuniy faoliyatini hurmat qiladi. Diniy tashkilotlar ham o‘z navbatida qonunlarga rioya qilishi, jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni saqlashga, millatlararo do‘stlik va totuvlikni ta’minlashga hissa qo‘shishi shart. Davlat va diniy tashkilotlar o‘rtasidagi konstruktiv muloqot jamiyatda o‘zaro hurmat va totuvlikni mustahkamlashga xizmat qilishi lozim. O‘tmishdan ham ma’lumki, diniy va milliy nizolar ko‘p hollarda vijdon erkinligining cheklanishi, diniy va milliy kamsitishlar oqibatida kelib chiqqan. Shuning uchun vijdon erkinligini ta’minlash, har qanday diniy va milliy zo‘ravonliklarning oldini olish jamiyatning barqaror rivojlanishi uchun muhim ahamiyatga ega.

Mamlakatimizda azaldan diniy bag‘rikenglik va vijdon erkinligi yuksak darajada qadrlangan. Zardushtiylik, buddizm va islom kabi dinlar madaniyatiga katta hissa qo‘shgan yurt sifatida e’tirof etilgan. Bugungi kunda ham mamlakatimizda ko‘p millatli va ko‘p e’tiqodli turli dinlar vakillari o‘zaro hurmat va totuvlikda yashab, Vatanimiz taraqqiyotiga munosib ulush qo‘shmoqda.

O‘zbekistonda pravoslav va katolik cherkovlari, sinagogalar, masjid va madrasalar, buddizm dini konfessiyalari, shuningdek, oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari singari diniy-ma’rifiy muassasalar faoliyat yuritayotir. Shu dinlarga e’tiqod qiluvchilarning  diniy marosimlarini o‘tkazishi uchun teng sharoit yaratilgan. Jumladan,  Surxondaryo viloyatida 133 ta masjid, 1 ta pravoslav cherkovi, shuningdek, ziyorat turizmi uchun tarixiy islomiy ziyoratgohlar va buddaviylik yodgorliklari mavjud. Islom diniga e’tiqod qiluvchilar masjidlarda, pravoslav dini vakillari cherkovda o‘z ibodatlarini emin-erkin ado etmoqda. Viloyatdagi buddaviylik yodgorliklari bilan dunyoda budda diniga e’tiqod qiluvchilarning yaqindan tanishishi, ibodat amallarini bajarishi uchun zarur qulaylik yaratilgan.

Bularning barchasi konstitutsiyamiz va boshqa qonunlarda vijdon erkinligini qat’iy himoya qilishga qaratilgan normalar mamlakatimizda diniy bag‘rikenglikni inson huquqlarining uzviy va ajralmas qismiga, demokratik jamiyatning muhim tayanchiga aylantirganiga yaqqol dalildir.  Jamiyatda vijdon erkinligini ta’minlash esa osoyishta, obod hayot, o‘zaro ahillik va totuvlik, bag‘rikenglik va bir-birini hurmat qilishdek ezgu qadriyatlar muhitini yaratadi. Hozirgi globallashuv jarayonlarida Vatanimizning har bir fuqarosi vijdon erkinligining naqadar muhimligini anglashi va yon-atrofidagilarni boshqalarning e’tiqodini hurmat qilishga ham undashi lozim. Zero, bir-birimizga samimiy hurmat va e’tibor Yangi O‘zbekiston ravnaqi, ko‘p millatli xalqimizning tinch-totuv, farovon turmushi garovidir.

Zebuniso Alimardonova,

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi

 Surxondaryo viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari.

O‘zA