English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vijdon – Abdulla Qodiriy ijodining mezoni edi
16:49 / 2025-11-27

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Abdulla Qodiriyning "Tanlangan asarlari" kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Adabiy anjumanga milliy adabiyotimizga qiziquvchi yoshlar, ijodkorlar, olimlar taklif etildi.

Mazkur kutubxona direktori, milliy ma’naviyatimiz va kitobxonlikning faol targ‘ibotchisi Umida Teshaboyeva Abdulla Qodiriyning asarlari hali-hamon yoshlar, tadqiqotchilar, xorijlik adabiyot muxlislarida katta qiziqish uyg‘otayotganini e’tirof etdi.  

Bu to‘plam yangicha tartib, yangi tahrir, o‘quvchi bilan ma’naviy muloqot qilishda yangicha yondashuv asosida chop etilgani diqqatga sazovor.  

– Bu Abdulla Qodiriy asarlarining shunchaki jamlanmasi emas, balki ulug‘ yozuvchining ijodi yangicha tahrirlangan, ustoz ijodkor asarini yangicha nigoh asosida o‘qib chiqishga imkon yaratadigan kitoblar, – dedi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva. – Unda Abdulla Qodiriyning uch asari jamlangan. Qodiriy asarlaridan iborat ushbu to‘plamni nashrga tayyorlashda shunchaki mehnat emas, balki ijod ahli, noshirlarning va muharrirlarning milliy adabiyotimizga bo‘lgan cheksiz muhabbati, e’tiqodi mujassamdir. Nazarimda mumtoz asarlar sira eskirmaydi, ular yangicha talqin asosida kitobxonlar qalbida mangu yashaydi.

– Qayerda o‘zbek bo‘lsa, o‘sha yerda, albatta Abdulla Qodiriyning nomi qalqib chiqadi, – dedi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining maslahatchisi Salim Ashur. – Qodiriy o‘z asarlari bilan millat timsoliga aylagan ijodkor. Ijodda Abdulla Qodiriy hammamizga qanday yozish kerakligini ko‘rsatib qo‘ydi. So‘z san’atida o‘ziga xos ibrat maktabini yarata olgan Qodiriyning asarlari barcha qalamkashlar uchun namunadir. Uning vijdoni ijodda asosiy mezon edi.  

Darhaqiqat, «Dunyo nashr» nashriyotida chop etilgan ushbu to‘plam yuqori sifati, dizayni, chiroyli ko‘rinishi bilan, va eng asosiysi ustoz Abdulla Qodiriyning o‘lmas ijod namunalari bilan har qanday kitobxonning e’tiborini tortishi aniq. Jamlanmadan Qodiriyning uch mashhur asari – “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” romanlari tariximizni ro‘y-rost gavdalantirsa, “Diyori Bakr”da yozuvchining faoliyati, ijtimoiy hayotdagi o‘rni, shaxsi, millat ravnaqi yo‘lidagi sa’y-harakatlari aks etgan. Ustoz adibning asarlarini o‘qir ekanmiz, Qodiriyning nainki millat fidoyisi, balki kelajak jonkuyari, yonib turgan qalb sohibi ekanini anglash mumkin. Badiiy asarlar va publitsistika yozuvchini qayta kashf etish va e’zozlash uchun yetarli manba sanaladi. “Tanlangan asarlar”ning nashriga adibning nevarasi, taniqli ijodkor Xondamir Qodiriy mas’ul muharrirlik qilgan.  

Taqdimot anjumanida Abdulla Qodiriy asarlarining ahamiyati, ulug‘ yozuvchining jadidchilik harakati ravnaqiga qo‘shgan hissasi haqida atroflicha so‘z yuritildi.  

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri