Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
VIII Toshkent xalqaro marafoni yuqori saviyada o‘tadi
09:17 / 2026-02-28

Toshkent shahrida 2026-yil 5-aprel kuni Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan an’anaviy VIII Toshkent xalqaro marafoni bo‘lib o‘tadi.

Sakkizinchi bor tashkil etilayotgan mazkur nufuzli sport tadbiri bugungi kunda mamlakatimizdagi eng yirik ommaviy musobaqalardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.

Tashkilotchilar ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilgi marafonda dunyoning 30 dan ortiq davlatidan 15 ming nafardan ziyod ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda. Bu esa musobaqaning xalqaro miqyosi yil sayin kengayib borayotganini ko‘rsatadi.

Marafon xalqaro yengil atletika boshqaruv organi — World Athletics tomonidan beriladigan “World Athletics Label” maqomiga ega. Ushbu maqom musobaqada qayd etilgan natijalar rasman tan olinishini ta’minlaydi hamda sportchilar uchun reyting va saralash jarayonlarida muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi hamda ProRun kompaniyasi hamkorligida tashkil etilmoqda.

Marafon dasturidan 42 kilometrlik klassik marafon, 21 kilometrlik yarim marafon, 10 va 5 kilometrlik ommaviy yugurish yo‘nalishlari o‘rin olgan. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rtasida alohida musobaqalar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Unda professional sportchilar bilan bir qatorda havaskor yugurish ishqibozlari ham ishtirok etishi mumkin.

Musobaqaning ochilish marosimi 4-aprel kuni soat 19:00 da poytaxtdagi “Humo Arena” majmuasida bo‘lib o‘tadi. 5-aprel kuni ertalab soat 06:00 da 42 kilometrlik masofaga start beriladi. Keyinchalik 21, 10 va 5 kilometrlik yo‘nalishlar bo‘yicha bellashuvlar o‘tkaziladi. G‘olib va sovrindorlar taqdirlangach, marafonning yopilish marosimi tashkil etiladi.

Start va finish nuqtalari “Humo Arena” maydonida joylashgan bo‘lib, ishtirokchilar Afrosiyob, Islom Karimov, Sharof Rashidov, Shahrisabz, Oybek, Nukus, Abdulla Qodiriy va Beshyog‘och ko‘chalari bo‘ylab belgilangan masofani bosib o‘tadi.

Mukofot jamg‘armasi ham salmoqli bo‘lib, 42 kilometr masofa g‘oliblari uchun 48 million, ikkinchi o‘rin sohiblari 36 million va 3-o‘rin uchun 24 million so‘m pul mukofoti belgilangan. Shuningdek, yarim marafon, 10 va 5 kilometrlik yo‘nalishlar g‘olib va sovrindorlari ham turli pul mukofotlari bilan rag‘batlantiriladi.

VIII Toshkent xalqaro marafoni sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, ommaviy sport harakatini kengaytirish va mamlakatimizning xalqaro sport maydonidagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA