Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
VIII “International Tashkent Marathon” musobaqasiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi
12:13 / 2026-02-21

Joriy yilning 5-aprel kuni poytaxtimizda “Navro‘z” umumxalq bayrami munosabati bilan VIII “International Tashkent Marathon” ommaviy yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tadi.

Mazkur yirik sport tadbiri O‘zbekiston sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, mamlakatimiz yengil atletika federatsiyasi hamda bir qator hamkor tashkilotlar tomonidan tashkil etilmoqda. 

Musobaqada dunyoning 30 dan ortiq davlatidan 15 ming nafardan ziyod ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda.

O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasida sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov ishtirokida ushbu ommaviy musobaqaga tayyorgarlik yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi. 

Yig‘ilishda, avvalo, 2025-yil davomida federatsiya tomonidan tashkil etilgan ommaviy sport tadbirlari haqida axborot berildi.

Shundan so‘ng, xalqaro marafonga tayyorgarlik jarayonlari, belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, tashkiliy masalalarni muvofiqlashtirish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi. 

Tadbir ishtirokchilari ro‘yxatdan o‘tish tartibi, bellashuvlar poytaxtning qaysi ko‘chalari bo‘ylab o‘tkazilishi, xavfsizlik choralari, tibbiy xizmat ko‘rsatish va boshqa tashkiliy jihatlar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Ma’lumot uchun, Toshkent xalqaro marafoni O‘zbekistonda “World Athletics Label” maqomiga ega bo‘lgan nufuzli xalqaro sport tadbiri hisoblanadi. 

Marafon dasturidan 42 km. klassik marafon, 21 km. yarim marafon, 10 km. va 5 km “Fun Run” yugurish bahslari o‘rin olgan. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan sportchilar o‘rtasida ham alohida musobaqalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA